Rossiyalik dasturchi Ukrainaga pul xayriya qilgani uchun 15 yilga qamaldi
Olam
−
27 avgust 2025 4079 2 daqiqa
Moskva shahar sudi Nijniy Novgoroddan bo‘lgan dasturchi Sergey Irinni davlatga xiyonatda aybdor deb topdi va uni 15 yilga qattiq tartibli koloniyaga hukm qildi. Bu haqda Rossiya Bosh prokuraturasi xabar berdi.
Jinoiy javobgarlikka tortilishiga uning Ukraina armiyasiga yordam beruvchi jamg‘armaga xayriya qilgani sabab bo‘lgan. Sud uni Rossiya Jinoyat kodeksining 275-moddasi (davlatga xiyonat, ya’ni Rossiya Federatsiyasi fuqarosi tomonidan Rossiya xavfsizligiga qarshi qaratilgan faoliyatda xorijiy davlatga moliyaviy yordam ko‘rsatish) bilan aybdor deb topdi.
Sud hukmi bilan u 15 yilga ozodlikdan mahrum qilindi: dastlabki 3 yil ozodlikdan mahrum qilish, qolgan muddat esa qattiq rejimli koloniyalarda bo‘ladi. Shuningdek, u 5 million rubl (62 ming dollar) dan ortiq jarima bilan jazolandi.
2022 yilning fevral oyida Irin harbiylar uchun pul yig‘uvchi Ukrainaning “Tirik bo‘lib qayt” jamg‘armasiga 500 dollar xayriya qildi. Shu bilan birga, u Kreml yaqinidagi Manejnaya maydonida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga qarshi mitingda ishtirok etgani uchun 10 ming rubl miqdorida jarimaga tortildi.
U mamlakatni tark etdi, Turkiya va Shri-Lankada yashadi. Ammo 2024 yilning aprel oyida u Rossiyaga qaytdi. U yerda hibsga olingan va Moskvaga ko‘chirilgan. Mahalliy nashrlarga ko‘ra, so‘roq paytida u qiynoqqa solingan. U Ukraina Qurolli Kuchlariga yordam berishini inkor etmagan va buni Ukrainaga yordam berish istagi bilan izohlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moskvaning Meshanskiy tuman sudi rossiyalik bloger Ilya Varlamovni siyosiy nafrat asosida Rossiya Qurolli kuchlari haqidagi “soxta” ma’lumotlarni ommaviy ravishda tarqatish va “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi Rossiya qonunchiligida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarishdan bo‘yin tovlashda aybdor deb topib, uni sirtdan 8 yilga umumiy rejimdagi koloniyaga hukm qilgandi.
Live
Barchasi