Gruziyada o‘zbekistonliklar ham bo‘lgan 59 nafar noqonuniy migrant ushlandi
Olam
−
19:19 699 2 daqiqa
Gruziyada maxsus migratsiya nazorati tadbirlari davomida 13 davlat fuqarosi bo‘lgan 59 nafar noqonuniy migrant ushlandi. Ular orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bor. Bu haqda bugun, 12 sentyabr kuni Gruziya Ichki ishlar vazirligi xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, Gruziya IIV Migratsiya departamenti xodimlari mamlakat bo‘ylab maxsus migratsiya nazorati tadbirlarini o‘tkazgan. Tadbirlar doirasida turli joylar va turli maqsadlarga mo‘ljallangan ob’ektlarda tekshiruvlar amalga oshirilgan.
Tekshiruvlarning asosiy maqsadi Gruziya hududida qonuniy asoslarsiz bo‘lib turgan xorijiy fuqarolarni aniqlashdan iborat bo‘lgan. Natijada Keniya, Turkiya, Rossiya, Hindiston, Misr, Gana, Efiopiya, O‘zbekiston, Filippin, Sudan, Kamerun, Xitoy va Ozarboyjon fuqarolari bo‘lgan 59 nafar noqonuniy migrant aniqlanib, ushlangan.
Qayd etilishicha, ushlangan shaxslar Gruziyaning “Chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi qonunida belgilangan talablarni buzgan holda mamlakatda bo‘lib kelgan.
Hozirda ular Migratsiya departamentining vaqtincha joylashtirish markaziga olib ketilgan. Ushlangan shaxslarni Gruziyadan chiqarib yuborish, ya’ni deportatsiya qilish bo‘yicha tegishli tartib-taomillar amalga oshirilmoqda.
Gruziya IIV ma’lumotlariga ko‘ra, qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar kuchga kirganidan buyon Migratsiya departamenti xodimlari tomonidan maxsus migratsiya nazorati bo‘yicha 160 ta tadbir o‘tkazilgan.
Ushbu tadbirlar davomida jami 18 ming nafar xorijiy fuqaroning hujjatlari va mamlakatda bo‘lish qonuniyligi tekshirilgan. Tekshiruvlarda aniqlangan 1 ming nafar noqonuniy migrant esa allaqachon Gruziyadan chiqarib yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya migratsiya qonunchiligini buzgan o‘zbekistonlik ayol 3 yashar farzandi bilan mamlakatga qaytarilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi