Gruziyada “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi

Olam

image

Gruziyada bugun, 1 avgust kuni “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi va bu mamlakatda ommaviy noroziliklarga sabab bo‘ldi.

Huquqiy normada daromadining kamida 20 foizini xorijdan oladigan nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish majburiyati yuklangan. Qonunda nazarda tutilgan tashkilotlar har yili Adliya vazirligiga daromadlar va xarajatlar deklaratsiyasini taqdim etishlari shart.

Ushbu talablarni bajarishdan bo‘yin tovlaganlik uchun 25 ming lari (taxminan 8,5 ming yevro) miqdorida jarima solinadi.

Bahsli qonunning qabul qilinishi aprel oyi o‘rtalaridan boshlab norozilik namoyishlari bilan birga bo‘lib kelmoqda. Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili hujjatga veto qo‘yib, uni “xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi Rossiya qonunining nusxasi deb atadi, biroq hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi parlamentda ko‘pchilik bo‘lgani evaziga davlat rahbarining vetosini yengib chiqdi.

Keyinchalik Zurabishvili Konstitutsiyaviy sudga da’vo arizasi bilan chiqdi.

Ayni paytda Gruziya hukumati “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun davlat suverenitetini mustahkamlaydi va jamiyatdagi qutblanishni kamaytiradi, deb da’vo qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Qo‘shma Shtatlar Gruziyaga yordam dasturini mamlakatda “Tashqi ta’sirning ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi munosabati bilan to‘xtatishga qaror qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Gruziya xorijiy agentlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing