Gruziyada qamoqqa olingan Saakashvilining ahvoli og‘irlashdi
Olam
−
11 Oktabr 2021
8967Hibsga olingan Gruziyaning sobiq Prezidenti Mixail Saakashvilining ahvoli yomonlashdi, uni shifoxonaga yotqizish kerak. Bu haqda uning shaxsiy shifokori Nikoloz Kipshidze ma’lum qildi.
Shifokorning aytishicha, Saakashvilining ahvoli kundan-kunga yomonlashib bormoqda.
“Mixailda qon kasalligi — talassemiya (gemoglobin genlarining zararlanishi bilan bog‘liq genetik qon kasalligi — tahr.) mavjud”, degan Kipshidze.
Shifokorning tushuntirishicha, bunday kasallik bilan och qolmaslik kerak, aks holda bu qaytarilmas o‘zgarishlarga olib keladi.
“U zo‘rg‘a yuribdi, gapirishga qiynalyapti, u o‘zini yomon his qilayotganidan xavotirda”, degan Kipshidze.
Shuningdek, shifokor siyosatchi asal va sharbat ichishdan bosh tortganini, hozirda faqat suv ichayotganini aytgan.
Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, Saakashvilining sog‘lig‘ida hech qanday yaxshilanish kutilmaydi, shuning uchun uni shifoxonaga yotqizish kerak bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda Ukraina fuqarosi hisoblangan Mixail Saakashvili joriy yilning sentyabr oyi oxirida vatani – Gruziyaga qaytdi va oktyabr oyi boshida hibsga olindi. Unga nisbatan o‘z vatanida bir necha moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va qidiruvga berilgani sabab qo‘lga olingan.
O‘z navbatida, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat fuqarosi o‘zga yurtda hibsga olingani haqidagi xabardan xavotirda ekanini ma’lum qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Mixail Saakashvili 2004-2013 yillarda Gruziya Prezidenti bo‘lgan. Prezidentlik muddati tugashiga oz vaqt qolganida u mamlakatni tark etgan. Shundan so‘ng, unga nisbatan to‘rtta jinoiy ish ochilgan, ulardan ikkitasi bo‘yicha 2018 yilda hukm chiqarilgan:
- Tbilisi shahar sudi Saakashvilini 2006 yilda Gruziya Birlashgan banki xodimi Sandro Girgvlianining o‘ldirilishida sirtdan uch yilga ozodlikdan mahrum qilgan;
- o‘sha yilning iyun oyida sud 2005 yilda deputat Valeriy Gelashvilining kaltaklanishi ishi bo‘yicha sobiq Prezidentni olti yilga ozodlikdan mahrum qilgan.
LiveBarchasi