Gruziya Ukrainaning Saakashvili bo‘yicha talabini bajarmoqchi emas

Olam

image

Gruziya Tashqi ishlar vazirligi Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvilining sog‘lig‘i bilan bog‘liq vaziyat tufayli Kiyevni tark etishga buyruq berilgan respublikaning Ukrainadagi elchisi Giorgiy Zakarashvili bilan maslahatlashuvlar o‘tkazishni rejalashtirmayapti. Bu haqda respublika Tashqi ishlar vaziri Ilya Darchiashvili Gruziyaning “Imedi” telekompaniyasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi. 

“Gruziya Tashqi ishlar vazirligi elchi bilan hech qanday maslahatlashuv o‘tkazishni rejalashtirmayapti. Aytgancha, elchi allaqachon Ukraina hududini tark etgan, u Gruziyaga yo‘l olgan”, deydi Darchiashvili. 

Uning qayd etishicha, agar Ukraina hukumati Mixail Saakashvilining ahvoli bilan qiziqsa, uning sog‘lig‘i haqida qayg‘ursa, Gruziya elchisini maslahatlashuvga yubormasligi, balki boshlangan tartiblarni yakunlashi kerak. 

“Ular bizga yangi elchi tayinlash bo‘yicha murojaat qilishdi va biz darhol ularga rozilik berdik. Ular qaror qabul qilishlari kerak, elchi (Ukrainadan – tahr.) bu mamlakatga kelishi kerak”, deydi vazir.

Vazirning aniqlik kiritishicha, Ukrainaning yangi elchisini tayinlash tartiblari “bir necha oy avval, o‘tgan yili” boshlangan. Darchiashvili, shuningdek, Gruziyada ishlayotgan har qanday ukrainalik diplomat Ukraina fuqarosi sifatida jazo muddatini o‘tayotgan Saakashvilini ziyorat qilish huquqiga ega ekanini bildirdi. 

Ma’lumot uchun, Saakashvili 2013 yilda Gruziyani tark etgan, shundan so‘ng mamlakatda unga qarshi to‘rtta jinoiy ish ochilgan, shundan ikkitasida siyosatchi sirtdan uch va olti yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. 2021 yil oktyabrt oyida Saakashvili Gruziyaga yashirincha kelganida hibsga olingan. 2022 yil may oyida sog‘lig‘i yomonlashgani sababli u Tbilisidagi "Vivamed" xususiy klinikasiga olib o‘tilgan va u shu kungacha o‘sha yerda qolmoqda. Gruziya rasmiylari Saakashvili qamoqdan chiqish uchun o‘zini og‘ir ahvolda deb ko‘rsatmoqda, deb hisoblamoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 iyul kuni Saakashvili Tbilisi shahar sudining 2007 yildagi mitingni tarqatib yuborish ishi bo‘yicha yig‘ilishida shifoxonadan videoaloqa orqali ishtirok etgandi. Videoda sobiq prezident ozib ketgani ko‘rinadi. Keyinroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Tashqi ishlar vazirligiga Gruziya elchisiga qo‘ng‘iroq qilib, Ukraina fuqaroligiga ega bo‘lgan Saakashvili masalasi bo‘yicha maslahatlashish uchun 48 soat ichida mamlakatni tark etish haqida buyruq berishni topshirdi. Gruziya Tashqi ishlar vazirligi Kiyev qarorini diplomatik munosabatlarni keskinlashtirish, shuningdek, suveren davlatning ichki ishlariga aralashishning ekstremal shakli deb atadi.


Maqola muallifi

Teglar

Gruziya Mixail Saakashvili

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing