Gruziyada parlament qo‘mitasi noroziliklarga sabab bo‘lgan qonunni ma’qulladi
Olam
−
30 aprel
2204Gruziya parlamentining huquqiy masalalar bo‘yicha qo‘mitasi “Xorijiy ta’sirning ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatladi. Ovoz berish jarayoni parlament saytida namoyish etildi.
Shovqinli loyihani ko‘rib chiqish ertalabdan boshlandi va hukmron “Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya” partiyasi a’zolari va muxolifat vakillari o‘rtasida bahslarga sabab bo‘ldi.
Yig‘ilishga raislik qilgan qo‘mita raisi Anri Oxanashvili loyiha muhokamasi chog‘ida 14 deputatni parlament qoidalarini buzgani uchun zaldan chiqarib yubordi. Shu fonda Tbilisidagi parlament binosi yonida hukmron partiya tarafdorlarining qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlagan mitingi boshlandi. Ishtirokchilar aksiya joyiga qo‘llarida Gruziya davlat bayroqlari bilan kelishgan.
“Tbilisi life” nashriga ko‘ra, ayni paytda Tbilisidagi Vake bog‘ida qonun loyihasiga qarshi norozilik namoyishi bo‘lib o‘tmoqda.
Qayd etish joizki, so‘nggi bir necha kun ichida Gruziyada muxolifat kuchlari parlament tomonidan Rossiyaning “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonunining o‘xshashi bo‘lgan “Xorijiy ta’sirning ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishiga qarshi norozilik namoyishlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 29 aprelga o‘tar kechasi Gruziya poytaxti Tbilisida parlament binosi yonida ushbu qonun loyihasiga qarshi yana namoyish bo‘lib o‘tgandi. Ushbu namoyishlarda politsiya va ishtirokchilar o‘rtasida to‘qnashuv yuz bergan.
Huquq-tartibot idoralari ko‘zni achishtiruvchi gazdan foydalangan. Bir necha kishi, jumladan Gruziyaning Yevropa va Yevroatlantika tuzilmalariga integratsiya bo‘yicha sobiq davlat vaziri Aleksiy Petriashvili hibsga olingan.
LiveBarchasi