Gruziya namoyishlarda qatnashgan 25 xorijlikni deportatsiya qildi
Olam
−
04 yanvar
2070Gruziyaning Ichki ishlar vazirligiga qarashli Migratsiya boshqarmasi 2024 yilning noyabr va dekabr oylarida turli mamlakatlardan bo‘lgan 91 nafar, jumladan, norozilik namoyishlarida ishtirok etgan 25 nafar xorijiy fuqaroni mamlakatdan chiqarib yubordi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ayrimlar mamlakatni ixtiyoriy ravishda tark etgan, boshqalari esa Migratsiya boshqarmasi tomonidan majburiy ravishda deportatsiya qilingan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, chiqarib yuborilganlar orasida Eron, Jazoir, Hindiston, Marokash, Shri-Lanka, Misr, Pokiston, Nigeriya, Iroq, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Turkmaniston kabi davlatlarning fuqarolari bo‘lgan.
“Deportatsiya qilingan shaxslar orasida noyabr-dekabr oylarida Tbilisida bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlarida qatnashib, sud tomonidan ma’muriy jazoga tortilgan 25 nafar xorijlik ham bor. Ulardan 10 nafari allaqachon mamlakatni tark etgan”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, 2024 yil davomida Migratsiya boshqarmasi jami 430 nafar xorijlikni Gruziyadan chiqarib yuborgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 126 foizga ko‘pdir.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 26 oktyabr kuni Gruziyada parlament saylovlari bo‘lib o‘tgandi. Markaziy saylov komissiyasi e’lon qilganidek, hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi 54 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan. Muxolifat ovoz berishning rasmiy natijalarini qabul qilishdan bosh tortdi va ko‘plab qonunbuzarliklarni bahona qilib, norozilik namoyishlariga chaqirdi. Politsiya bir necha bor namoyishchilarni tarqatib yubordi.
28 noyabr kuni Bosh vazir Irakliy Kobaxidze 2028 yilgacha Gruziyaning YeIga kirishi bo‘yicha muzokaralardan bosh tortishini ma’lum qildi. Shundan keyin noroziliklar yanada kengaydi. Yevropa Ittifoqi va AQSH hukmron partiyaning qarorini qoralab, Gruziya bilan hamkorlikni keskin qisqartirdi.
Muxolifat Yevropa Ittifoqini “Gruziya orzusi” hukumatining qonuniyligini tan olmaslikka chaqirdi.
LiveBarchasi