Gruziya muxolifati namoyishlarni davom ettirmoqchi
Olam
−
09 mart 2023
4791Avval xabar berganimizdek, “Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya” partiyasi bugun, 9 mart kuni ko‘plab norozilik namoyishlaridan so‘ng xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun loyihaci parlamentdan chiqarilganini e’lon qilgan edi. Biroq muxolifatdagi partiyalar hali ham namoyishlarni davom ettirishga chaqirmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, muxolifat yetakchilari namoyishlar bugun soat 19:00 da davom etishini aytgan. Xususan, “Droa” partiyasi vakili Giga Lemonjala hukumatdan qonun loyihasini rasman denonsatsiya qilish va namoyishlar chog‘ida qo‘lga olinganlarning hammasini ozod etish talab qilinayotganini aytgan.
“Norozilik nafaqat qonun loyihasi, balki “Gruziya orzusi”ning rusparast tabiati haqida. Ularga ham, ularning so‘zlariga ham ishonch yo‘q”, deydi Droa asoschisi Yelena Xoshtariya Twitter sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, Gruziya parlamenti xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qullagani muxolifat, fuqarolik faollari, shuningdek, oddiy fuqarolarning jiddiy noroziligiga sabab bo‘lgan edi. Tbilisida minglab kishilar norozilik namoyishlariga chiqqan edi. Xavfsizlik kuchlari namoyishchilarni suv purkagichlar va ko‘zni yoshlantiruvchi gaz yordamida tarqatib yuborgandi. Ikki kun davom etgan norozilik namoyishlarida 130 dan ortiq odam hibsga olingani, 60 nafar politsiyachi yaralangani aytilgandi.
LiveBarchasi