Gruziya ehtimoliy yadro urushiga tayyorlanmoqda
Olam
−
21 Oktabr 2023 8299 1 daqiqa
Gruziya hukumati mintaqada yadro qurolining qo‘llanilishi ehtimolini inobatga olib, tayyorgarlik choralarini ko‘rmoqda. Bu haqda “Interpress News” respublika Davlat xavfsizlik xizmati rahbari Grigol Liluashviliga tayanib xabar berdi.
"Hozirgi muammolar mintaqada yadro qurolidan foydalanishni istisno etmaydi, shuning uchun biz ehtiyotkor va oqilona siyosat yuritishimiz kerak. Bu chaqiriqlar Gruziya hukumatini ham mamlakat ichida, ham xorijda mo‘’tadil, pragmatik siyosat yuritishga majbur qilmoqda", deydi Liluashvili.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat hukumati yadro urushi yuzaga kelgan taqdirda maxsus reja ishlab chiqqan. Ushbu rejaga muvofiq har bir bo‘lim uchun ssenariy, harakatlar rejasi mavjud bo‘lib, unga muvofiq harakat qilinadi.
“Bundan tashqari, rasmiylar boshpanalarni joylashtirish bo‘yicha qaror qabul qilishdi. Rejani ishlab chiqishda hukumat, Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa vakolatli idoralar ishtirok etdi”, deydi xizmat rahbari.
Ma’lumot uchun, AQSH (1945 yildan), Rossiya (1949 yildan), Buyuk Britaniya (1952 yildan), Fransiya (1960 yildan), Xitoy (1964 yildan), Hindiston (1974 yildan), Pokiston (1998 yildan), KXDR (2006 yildan) yadro quroliga ega mamlakatlar bo‘lib, ular Yadro klubiga a’zo. Ushbu klubning norasmiy a’zosi Isroil hisoblanadi.
Live
Barchasi