Gretsiyadagi poyezdlar to‘qnashuvi namoyishlarga sabab bo‘ldi
Olam
−
02 mart 2023
7388Avval xabar berganimizdek, Gretsiyaning Tempi shahrida yuk va yo‘lovchi poyezdlari to‘qnashib ketgan, oqibatda odamlar halok bo‘lgan edi. Hozirgi ma’lumotlarga ko‘ra, 43 kishining hayotiga zomin bo‘lgan falokat ortidan mamlakatda namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qayd etilishicha, ko‘pchilik aholi bu fojiani kutilgan hodisa deb baholagan. Ular Gretsiya temir yo‘llarini saqlash uchun mas’ul bo‘lgan Afinadagi Hellenic Train kompaniyasi shtab-kvartirasi oldida namoyishga chiqqan. Politsiya ko‘chalarda tosh otgan va olov yoqqan namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zni yoshlantiruvchi gaz ishlatgan.
Shuningdek, Larissa shahrida temiryo‘l stansiyasi boshlig‘i ehtiyotsizlik tufayli odam o‘ldirishda ayblanib, qo‘lga olingan. Biroq u ayblovlarni rad etib, halokatni texnik nosozlik bilan izohlagan. Temir yo‘l kasaba uyushmasi a’zolari ham xavfsizlik tizimlari to‘g‘ri ishlamayotgani, bu haqda ko‘p yillar davomida qayta-qayta ogohlantirib kelinayotganini aytgan.
Bundan tashqari, Saloniki va Larissa shahrlarida ham tartibsizliklar bo‘lib o‘tgan. Hukumat namoyishchilarni tinchlantirib, mustaqil tergov adolat o‘rnatishini aytgan. Mamlakat bo‘ylab uch kunlik milliy motam e’lon qilingan.
Manbaga ko‘ra, falokatga uchragan poyezddagi 350 nafar yo‘lovchining ko‘pchiligi 20 yoshlardagi talabalar bo‘lgan.
“Temir yo‘l tarmog‘i eskirgan, u yomon maosh oladigan xodimlar bilan muammoli ko‘rinardi. Hibsga olingan stansiya boshlig‘i “butun bir kasal tizim” uchun javob bermasligi kerak”, deydi namoyishlarda qatnashgan talabalardan biri.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq falokat joyini ko‘zdan kechirgan transport vaziri Kostas Karamanlis fojiada o‘zini aybdor deb topib, iste’foga chiqishini ma’lum qilgan edi.
LiveBarchasi