Gretsiyada migrantlar markazidan odamlar qochib ketdi

Olam

image

Gretsiyaning Sintiki hududida joylashgan migrantlarni vaqtincha saqlash markazida joriy yilning 22 avgust kuni kechqurun tartibsizlik yuz berdi. Mojaro vaqtida 35 nafar migrant markazni o‘rab turgan panjarani kesib, qochib ketgan. Bu haqda DW xabar berdi.

Qayd etilishicha, voqea mamlakatning Bolgariya bilan chegaradosh hududiga yaqin joyda sodir bo‘lgan. Dastlab migrantlar va politsiya o‘rtasida tortishuv kelib chiqqan. Vaziyat keskinlashib, migrantlar huquq-tartibot xodimlariga tosh otgan. Shundan so‘ng, markazga qo‘shimcha politsiya kuchlari yuborilgan.

Mojaro 23 avgust tongigacha davom etgan. Tartibsizlikni bostirish jarayonida politsiya shovqinli granatalardan foydalangan. To‘qnashuvlar oqibatida kamida 5 nafar migrant jarohat olgan va tibbiy yordam uchun shifoxonaga olib borilgan.

Markazdan chiqib ketgan 35 kishining 17 nafari keyinchalik politsiya tomonidan ushlangan. Qolgan 18 nafar migrantni aniqlash va topish bo‘yicha qidiruv ishlari olib borilgan.

Mazkur vaqtincha joylashtirish markazida ayni paytda boshpana so‘rab murojaat qilgan 450 nafarga yaqin migrant bor. Ularning murojaatlarini ko‘rib chiqish jarayoni uzoq vaqtga cho‘zilishi mumkin.

Gretsiya Yevropaga borishga intilayotgan migrantlar uchun asosiy kirish nuqtalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, mamlakat hukumati boshpana berish rad etilgan migrantlarni mamlakatdan chiqarib yuborish bo‘yicha siyosatini kuchaytirgan.

Yevropa Ittifoqining Gretsiya va boshqa davlatlari Afrika mamlakatlari bilan ham muzokaralar olib bormoqda. Unda boshpana olish talabi rad etilgan migrantlarni joylashtirish uchun maxsus markazlar tashkil etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bunday reja esa xalqaro inson huquqlari tashkilotlarining e’tirozlariga sabab bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shri-Lanka poytaxti Kolombo yaqinidagi Negombo qamoqxonasida ikki guruh mahbus o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvlar oqibatida kamida 25 kishi halok bo‘lib, 100 dan ortiq kishi jarohatlangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing