Gretsiya tan olinmagan Shimoliy Kiprga TDT kuzatuvchisi maqomini berishni qoraladi

Olam

image

Gretsiya Turkiya rasmiylarining xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasiga (SHKTR) Turkiy Davlatlar Tashkilotida (TDT) kuzatuvchi maqomi berilishi haqidagi bayonotlarini qoralaydi. Bu haqda Gretsiya Tashqi ishlar vazirligi kecha, 11 noyabr kuni tarqatgan bayonotida aytiladi. 

"Biz turk rasmiylarining soxta davlatning Turkiy Davlatlar Tashkilotiga kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lganligi haqidagi bayonotlarini qoralaymiz. Kipr Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ham bu borada tegishli xabar tarqatdi. Har qanday psevdodavlat maqomini oshirishga urinish xalqaro huquq va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining 541 va 550-sonli rezolyutsiyalarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi”, deyiladi hujjatda. 

Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Gretsiyaning pozitsiyasi barqaror va o‘zgarmasdir.  

“Biz Kipr muammosining BMT Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolyutsiyalariga asoslanadigan va Yevropa qonunchiligiga mos keladigan adolatli va barqaror yechimga erishish, ya’ni ikki jamoali, ikki hududli [orolda] federatsiya tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlaymiz”, deya ta’kidladi vazirlik. 

Kecha, 11 noyabr kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Shimoliy Kipr Turk Respublikasiga kuzatuvchi maqomi berilgani uchun Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida ishtirok etayotgan davlatlar rahbarlariga minnatdorlik bildirdi. Erdo‘g‘an Samarqanddagi TDT sammitining ochilish marosimida so‘zlagan nutqida Shimoliy Kiprni tashkilotga taklif qilishni va unga kuzatuvchi maqomi berishni taklif qildi. Keyinroq Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li Twitter’dagi sahifasida Shimoliy Kipr Turk Respublikasi TDTda kuzatuvchi maqomini olganini yozdi

Shu bilan birga, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov sammit yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan brifingda “Shimoliy Kiprni mustaqil davlat sifatida tan olish haqida gap bo‘lishi mumkin emas”, deb ta’kidladi. Shuningdek, u Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Islom hamkorlik tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik tashkilotida kuzatuvchi maqomiga ega ekanligini, shuningdek, Xalqaro Turkiy madaniyat tashkiloti faoliyatida ishtirok etishini eslatdi. 

Kipr orolning Gretsiyaga qo‘shilishi tarafdorlari tomonidan amalga oshirilgan davlat to‘ntarishi natijasida 1974 yilda Turkiya qurolli bosqinidan beri etnik jihatdan bo‘lingan. Harbiy harakatlar natijasida Kipr hududining taxminan 37 foizi Turkiya nazorati ostida bo‘lib, Shimoliy Kipr 1983 yilda tashkil topgan va jahon hamjamiyatida faqat Anqara tomonidan tan olingan. Turkiya Shimoliy Kiprda 40 ming kishilik harbiy kontingentini saqlab turibdi. Orolning janubiy qismi asosan Kipr yunonlari yashaydigan Kipr Respublikasi nazorati ostida qoldi.


Maqola muallifi

Teglar

Gretsiya Turkiy davlatlar tashkiloti Shimoliy Kipr Turk Respublikasi

Baholaganlar

144

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing