Google millionlab maxsus chivinlarni tabiatga qo‘yib yubormoqchi
Olam
−
03 iyun 8040 2 daqiqa
Google xavfli kasalliklarga qarshi kurashish maqsadida Kaliforniya va Florida shtatlarida maxsus ishlov berilgan 32 milliongacha chivinni tabiatga qo‘yib yuborishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “New York Post” xabar berdi.
AQSHda jamoat sog‘liqni saqlash sohasidagi eng g‘ayrioddiy loyihalardan biri muhokama qilinmoqda. Google yaqin ikki yil ichida Kaliforniya va Floridada 32 milliongacha chivinni ochiqlikka qo‘yib yuborish uchun ruxsat so‘radi.
Ushbu tashabbus chivinlar orqali yuqadigan kasalliklarga qarshi kurashishga qaratilgan. Gap, xususan, G‘arbiy Nil virusi, denge bezgagi, Zika virusi, chikungunya va sariq isitma haqida bormoqda.
Loyiha hozirda AQSH Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Idora 5 iyungacha jamoatchilik fikri va sharhlarini qabul qiladi, shundan so‘ng ushbu tajribani o‘tkazishga ruxsatnoma berish-bermaslik to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Tadqiqotchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, dastur G‘arbiy Nil virusi va Sent-Luis ensefaliti tashuvchisi hisoblangan Culex urug‘iga mansub chivinlarni nishonga olgan. Bu infeksiyalar Kaliforniyadagi mahalliy qushlar va chivinlar populyatsiyasi orasida allaqachon uchrab turibdi.
Shu bilan birga, kompaniya odamlarni chaqadigan hasharotlarni qo‘yib yuborishni rejalashtirmayapti. Gap Wolbachia bakteriyasi bilan zararlangan erkak chivinlar haqida ketmoqda. Ular yovvoyi urg‘ochi chivinlar bilan juftlashgandan so‘ng, ularning nasli yashab qola olmaydi, bu esa chivinlar populyatsiyasi sonini bosqichma-bosqich kamaytirish imkonini beradi.
Google kompaniyasiga ko‘ra, chivinlarni ko‘paytirish va ularni tabiatga qo‘yib yuborish jarayonida sun’iy intellekt tizimlari hamda robotlashtirilgan texnologiyalardan foydalaniladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq iqlim o‘zgarishi tufayli chikungunya virusining tarqalish maydoni sezilarli darajada kengayib, XXI asr oxiriga borib Yevropa, Shimoliy Amerika va Sharqiy Osiyoning mo‘’tadil mintaqalariga yetib borishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi