Gol jamoaviy nishonlanmaydi – Superliga o‘yinlarining o‘tkazilish tartibi belgilandi
Jamiyat
−
12 iyun 2020
3842Xabaringiz bor, O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasini kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan futbol bo‘yicha Superliga o‘yinlari o‘tkazilishiga ruxsat berilgan edi. Qarorga ko‘ra futbol o‘yinlari o‘tkazilishi tartibi belgilab berilgan. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi huzuridagi shtabda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Botir Qurbonov ma’lum qildi.
2020 yil 12 iyun kunidan futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining navbatdagi tur o‘yinlari boshlanadi. Ushbu musobaqalarni o‘tkazish uchun sanitariya talablari ishlab chiqilganmi?
Futbol bo‘yicha Superliga o‘yinlarini o‘tkazishda quyidagi asosiy talablarga rioya qilinishi lozim:
– bitta uchrashuvdagi ishtirokchilarning (jamoalar, tashkilotchilar va OAV xodimlari) umumiy soni 140 nafardan oshmasligi kerak;
– uchrashuv uchun tanlab olingan barcha to‘plar, GPS tizimlari (Polar tizimi), fishkalar, darvoza ustunlari hamda to‘rlari, barcha ekipirovkalar dezinfeksiya qilinishi shart;
– uchrashuv davomida stadionga kiritilgan barcha shaxslar karantin normalariga (shaxsiy himoya vositalariga) qat’iy rioya qilishi shart;
– ularga tupurish, og‘iz chayqalgan suvni ommaviy joyga (ayniqsa futbol maydoniga) tashlash kabi sanitariya qoidalarini buzish taqiqlanadi (futbolchilar og‘iz chayishi hamda og‘izdagi suvni tashlashi uchun alohida idishlar, ya’ni, tufdon qo‘yilgan nuqtalarni tashkil etish tavsiya etiladi).
– futbolchilar va hakamlar yechinish xonalari, shuningdek, avtobuslar kvars lampalar bilan jihozlash kerak (portativ kvars lampa);
– stadion hududidagi barcha shaxslar shaxsiy himoya vositalaridan foydalanishi shart. Faqatgina o‘yin vaqtida maydonda harakat qilayotgan futbolchilar va hakamlarda niqob bo‘lmaydi. Chigalyozdi mashg‘ulotlarida qatnashuvchilar ham niqob taqishadi;
– uchrashuv oldidan ikki jamoa vakillari va hakamlarning o‘zaro qo‘l berib ko‘rishish tadbirlari bekor qilinadi;
– jamoaviy rasmga tushishda futbolchilar ijtimoiy masofa saqlaydi hamda bir-biriga teginib turmaydi (zig-zag usulida);
– futbolchilar golni nishonlayotganda ijtimoiy masofa saqlaydi va golni jamoaviy nishonlashga yo‘l qo‘yilmaydi;
– karantin talablaridan kelib chiqib, matbuot anjumani o‘tkaziladi. Unda ishtirok etayotgan barcha karantin talablariga qat’iy rioya etishi shart;
– matbuot anjumanida ishtirok etayotgan futbolchi va murabbiylar mikrofon, diktofon kabi vositalarga teginishi, ularni bir joydan boshqa joyga surishi mumkin emas;
– uchrashuv stadioni alohida izolyator xonasi bo‘lishi va mazkur xona zaruriy tibbiy jihozlar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak;
– uchrashuv o‘tadigan tutash binolar ichi futbolchilar kelishidan 2 soat avval dezinfeksiyalanishi kerak.
Avvalroq, O‘zbekistonda yozgi transfer oynasi muddati o‘zgargani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi