“Jamoadoshlarimga omad”. Ronaldu kutilmaganda terma jamoa bazasini tark etdi
Sport
−
00:58 1212 2 daqiqa
Portugaliya terma jamoasi yetakchisi va Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu UEFA Millatlar ligasining 3-turidan o‘rin olgan Daniyaga qarshi o‘yin arafasida milliy terma jamoa qarorgohini tark etganini e’lon qildi. Bu haqda u o‘zining Instagram’dagi sahifasida yozdi.
30 sentyabr kuni 41 yoshli futbolchi terma jamoa mashg‘ulotidan oldin Kopengagendagi “Parken” stadionini tark etganidan bir necha soat o‘tib, o‘zining Instagram sahifasida bayonot e’lon qildi.
“Terma jamoa bosh murabbiyining matbuot anjumanidan so‘ng va Portugaliya Futbol Federatsiyasi prezidenti bilan bo‘lib o‘tgan suhbat ortidan, milliy terma jamoa yig‘inini tark etishga qaror qildim. Vaqti kelganda, har doim borimni bergan milliy terma jamoani tark etishimga sabab bo‘lgan omillar haqidagi haqiqatni barcha portugaliyaliklarga aytib beraman. Hozir esa Portugaliyaga va barcha jamoadoshlarimga, istisnosiz, omad tilash vaqti”, deb yozdi Ronaldu.
Shunday qilib, jamoa sardori terma jamoaning bo‘lajak o‘yinida aniq maydonga tushmaydi. Shu bilan birga, Ronaldu hali terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qilmadi va o‘z qarorining sabablarini keyinroq ochiqlashga va’da berdi.
Vaziyat Portugaliyaning Norvegiya ustidan qozonilgan 2:1 hisobidagi g‘alabasidan keyin keskinlashdi: Ronaldu butun o‘yinni zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazdi, hakamning yakuniy hushtagidan so‘ng kiyinish xonasiga kirib ketdi va keyinchalik ketma-ket uch kun umumiy guruh bilan mashg‘ulot o‘tkazmadi. Federatsiya prezidenti Pedru Proensa esa vaziyatni izga solish uchun Kopengalenga yetib kelgan edi.
Ikki turdan so‘ng Portugaliya 6 ochko bilan Millatlar ligasining A4 guruhida birinchi o‘rinni egallab turibdi. Jezus shogirdlari navbatdagi o‘yinni bugun, 1 oktyabr kuni Kopengagenda Daniyaga qarshi Ronaldusiz o‘tkazadi.