Germaniyada jazirama tufayli 10 mingga yaqin inson vafot etdi

Olam

image

Germaniyada joriy yil boshidan buyon yuqori haroratlar oqibatida qariyb 10 ming kishi hayotdan ko‘z yumgan. Bu haqda DW xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 19 iyul holatiga ko‘ra, issiq havo bilan bog‘liq o‘limlar soni 9800 nafarga yetgan. Bu ko‘rsatkich 2016 yildan buyon to‘liq yil davomida qayd etilgan eng yuqori natijadan ham oshib ketgan.

Mutaxassislarga ko‘ra, avvalgi eng yuqori ko‘rsatkich 2018 yilda qayd etilgan bo‘lib, o‘sha yili jazirama sabab taxminan 8900 nafar inson vafot etgan.

Joriy yildagi eng og‘ir davr iyun oyining ikkinchi yarmiga to‘g‘ri kelgan. Ushbu davrda Germaniyaning ko‘plab hududlarida havo harorati 40 darajagacha ko‘tarilgan va 5000 dan ortiq o‘lim holati qayd etilgan.

Issiq havo, ayniqsa, keksa yoshdagilar uchun xavfli bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, issiqlik to‘lqini bilan bog‘liq o‘limlarning asosiy qismi 75 yoshdan katta insonlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, ayollar orasidagi o‘lim ko‘rsatkichi erkaklarga qaraganda yuqoriroq bo‘lgan, bu esa katta yosh guruhlarida ayollar ulushi ko‘proq ekani bilan izohlangan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, yuqori harorat odatda o‘limning yagona sababi bo‘lmaydi. Ko‘p hollarda jazirama mavjud surunkali kasalliklar bilan birga inson salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

Germaniyaning sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Karl Lauterbax issiqlik to‘lqinlariga qarshi tezkor choralar ko‘rishga chaqirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy vazifa “saqlab qolish mumkin bo‘lgan barcha insonlarni asrash”dan iborat.

Lauterbax xavf ostidagi aholiga o‘z vaqtida axborot va yordam berish uchun issiqlik bilan bog‘liq maxsus axborot portallari hamda ishonch telefonlarini joriy etish zarurligini ta’kidlagan.

Shuningdek, Germaniya kasalxonalar jamiyati tibbiyot muassasalarida sovitish tizimlarini modernizatsiya qilish kerakligini bildirgan. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatdagi kasalxona xonalarining faqat kichik qismi konditsioner yoki boshqa sovitish uskunalari bilan jihozlangan.

Eslatib o‘tamiz, Fransiyaning Parij va uning atrofidagi hududlarda iyun oyida kuzatilgan rekord darajadagi issiq havo to‘lqini sabab odatdagi ko‘rsatkichdan 1,5 mingdan ortiq o‘lim qayd etilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing