Yevropa dunyoda eng tez isiyotgan qit’a – olimlar
Olam
−
12:43 972 2 daqiqa
Yevropaning bir qator davlatlarida yangi kuchli jazirama to‘lqini kuzatilmoqda. Fransiya, Italiya, Ispaniya va Buyuk Britaniyada harorat 35 darajadan oshdi. Issiq havo 135 milliondan ortiq odamga ta’sir qilishi kutilmoqda. Bu haqda “France 24” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Buyuk Britaniyada havo harorati 38,1 darajagacha ko‘tarilib, mamlakat tarixidagi eng issiq beshinchi kun qayd etilgan. Fransiyaning markaziy qismidagi Shatomeyyan shahrida esa termometrlar 42,5 darajani ko‘rsatgan. Parijda havo harorati 38 darajaga yetgan.
Issiq havo Italiyaning g‘arbiy sohillari, Po vodiysi, janubiy hududlari va orollarida ayniqsa kuchli sezilmoqda. Mamlakatda qariyb 29 million kishi 35 darajadan yuqori jaziramaga duch kelishi kutilmoqda.
Ispaniyada ham qariyb 25 million kishi jazirama issiq ta’sirida qolgan. Mamlakat markaziy hududlarida harorat 37 darajagacha ko‘tarilgan.
Buyuk Britaniyaning markaziy va janubiy Angliya hududlaridagi 40 ta nuqtada havo harorati 36 daraja va undan yuqorini tashkil qilgan. Meteorologlar mamlakat bu yil tarixdagi eng issiq yozni qayd etishi mumkinligini bildirgan.
Issiq havo to‘lqini Yevropaning turli hududlarida o‘rmon yong‘inlarini ham kuchaytirmoqda. Gretsiyaning shimolida o‘rmon yong‘ini sababli yuzlab sayyohlar qayiqlarda evakuatsiya qilingan. Angliyaning markaziy qismidagi Uest-Midlends hududida esa qurg‘oqchilik sharoitida yuzaga kelgan yong‘inlar uy-joylarga zarar yetkazgan.

Mutaxassislar Yevropani dunyodagi eng tez isiyotgan qit’a deb hisoblamoqda. Olimlar tobora tez-tez va kuchliroq kuzatilayotgan jaziramalarni inson faoliyati tufayli yuzaga kelayotgan iqlim o‘zgarishi bilan bog‘lamoqda.
Tahlillarga ko‘ra, Turkiyani hisobga olmaganda, Yevropada qariyb 340 million kishiga havo harorati 30 darajadan oshishi prognoz qilingan. 35 darajadan yuqori harorat esa 135 milliondan ortiq odamga ta’sir qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, takroriy jazirama va qurg‘oqchilik Yevropada o‘rmon yong‘inlarining kuchayishiga, daryolarning sayyozlashishiga hamda minglab odamlarning halok bo‘lishiga sabab bo‘layotgani qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropada kuzatilayotgan kuchli jazirama bir qator mamlakatlarni favqulodda choralar ko‘rayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi