Qozog‘istonda 111 yillik jazirama rekordi yangilandi
Olam
−
17:14 925 2 daqiqa
Qozog‘istonning Shimkent shahrida joriy yilning iyul oyida havo harorati 45,2 darajagacha ko‘tarilib, 111 yil avval o‘rnatilgan rekord yangilandi. Bu haqda “Qazgidromet” xabar berdi.
Qayd etilishicha, iyul oyida mamlakatning katta qismida havo harorati me’yordan 1-4 daraja yuqori bo‘lgan. Issiqlik rekordlari janub bilan bir qatorda shimol, sharq va markaziy hududlarda ham kuzatilgan.
Eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri Shimkentda qayd etilgan. 16-20 iyul kunlari shaharda harorat 41,3, 43,1, 45 va 45,2 darajagacha ko‘tarilgan. 16 va 17 iyul kunlari qayd etilgan ko‘rsatkichlar 1915 yildagi rekorddan yuqori bo‘lgan. 19-20 iyuldagi harorat esa 2019 yilda o‘rnatilgan rekordlarni ham ortda qoldirgan.
Olmaotada ham ketma-ket bir necha kun davomida rekord darajadagi issiq kuzatilgan. 16 iyul kuni +38 daraja, 17 iyulda +39,2 daraja, 18 iyulda +40 daraja, 20 iyulda esa +41,5 daraja qayd etilgan.
Poytaxt Ostonada 14 iyul kuni havo 38,6 darajagacha isib, 1992 yildagi rekord yangilangan. O‘skemen shahrida esa 2 iyul kuni +34,4 daraja, 16 iyulda +39,7 daraja qayd etilib, mos ravishda 1969 yilgi rekordlar ortda qoldirilgan.
Qizilo‘rda va Turkiston shaharlarida ham jazirama 45 darajadan oshgan. Xususan, 17 iyul kuni Qizilo‘rdada +45,2 daraja, 18 iyul kuni Turkistonda esa +47,6 daraja issiq kuzatilgan.
Meteorologlar ma’lumotiga ko‘ra, iyul oyida Qozog‘istonning ayrim hududlarida yog‘ingarchilik miqdori ham me’yordan bir necha barobar ko‘p bo‘lgan. Jambil viloyati, Qarag‘anda, G‘arbiy Qozog‘iston, Otiroq va Qostanay hududlarida kuchli yomg‘irlar qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreyada so‘nggi bir asrdan ortiq vaqt ichidagi eng yuqori harorat qayd etilgani haqida xabar berilgan edi.