Yevropani qiynagan jazirama: 35 mingdan ortiq o‘lim qayd etildi
Olam
−
15:29 309 2 daqiqa
Joriy yozda Yevropada kuzatilgan ketma-ket to‘rtta rekord darajadagi jazirama to‘lqini sabab kamida 35 ming kishi vafot etdi. Yakuniy raqam bundan ancha yuqori bo‘lishi mumkin. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hisob-kitoblar hozircha qit’aning qariyb yarmidagi ma’lumotlarni qamrab olgan. Avgust oyidagi o‘limlar esa hali to‘liq hisoblanmagan.
Germaniya, Fransiya va Ispaniyaning o‘zida jazirama bilan bog‘liq o‘limlar 25 mingdan oshgan. Germaniyada 6 aprel – 9 avgust oralig‘ida issiq havo sabab taxminan 14 ming kishi vafot etgani ma’lum qilingan. Shundan 9,6 ming nafari 22-28 iyun kunlari halok bo‘lgan.
Ispaniyada esa may oyidan shu haftagacha 4 947 kishi jazirama sabab vafot etgani qayd etilgan. Bu mamlakatda issiq havo bilan bog‘liq o‘limlar bo‘yicha 2026 yilni rekord yilga aylantirgan. Avvalgi eng yuqori ko‘rsatkich 2022 yilda 4 520 tani tashkil qilgan.
Fransiyada may oyining oxiridan 22 iyulgacha barcha sabablarga ko‘ra 7 300 ta o‘lim qayd etilgan. Avgust oyidagi ko‘rsatkichlar esa hali e’lon qilinmagan. Shuningdek, Buyuk Britaniyada may va iyun oylaridagi jaziramalar sabab Angliyada 2 877 kishi vafot etgani aytilgan. Belgiyada 18–29 iyun kunlari 1 222 ta, Niderlandiyada esa 22 iyun–5 iyul oralig‘ida kamida 900 ta o‘lim qayd etilgan.
Polshada iyun oxiridagi jazirama vaqtida 1 070 kishi, Shveysariyada esa 220 kishi issiq havo sabab vafot etgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, issiq havo ko‘pincha o‘limning bevosita sababi sifatida qayd etilmaydi. Jazirama yurak-qon tomir va nafas olish tizimi kasalliklarini kuchaytirib, yurak xuruji, insult yoki buyrak yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropada issiq havo bilan bog‘liq o‘limlar so‘nggi 20 yil ichida 30 foizdan ko‘proqqa oshgan. Tashkilot iqlim o‘zgarishi va aholining qarib borishi sabab bu ko‘rsatkich kelgusida yanada oshishi mumkinligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyun oyida Yevropani qamrab olgan kuchli issiq to‘lqini davrida Fransiya, Belgiya va Niderlandiyada dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, kamida 3 700 nafardan ortiq o‘lim holati qayd etilgan edi.
Live
Barchasi