Germaniyada issiq havo 14 ming kishining yostig‘ini quritdi

Olam

image

Germaniyada joriy yil 6 apreldan 9 avgustgacha bo‘lgan davrda anomal issiq harorat bilan bog‘liq o‘limlar soni taxminan 14 000 tani tashkil etdi. Bu haqda kecha, 20 avgust kuni e’lon qilingan Robert Kox nomidagi institutning (RKI) navbatdagi haftalik hisobotida so‘z boradi.

Olimlarning bildirishicha, ushbu baho pasaytirib ko‘rsatilgan bo‘lib, reallikda issiqdan kelib chiqqan o‘lim holatlari soni bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin. Gap har 100 ming aholiga taxminan 17 ta o‘lim holati haqida bormoqda. Bu oxirgi 10 yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich. Taqqoslash uchun, 2018 yilda issiq tufayli 8 900 kishi halok bo‘lgan.

Yuqori harorat eng og‘ir zarbani 85+ yosh guruhidagi aholiga yetkazgan (7 040 kishi vafot etgan). Taxminan 3 450 ta o‘lim holati 75 yoshdan 84 yoshgacha bo‘lganlar, 2 170 tasi 65 yoshdan 74 yoshgacha bo‘lganlar hissasiga to‘g‘ri keladi. 65 yoshdan kichik bo‘lganlar orasida 1 320 ta o‘limni qayd etilgan. Umuman olganda, o‘lim ko‘rsatkichi erkaklarga qaraganda ayollar orasida yuqoriroq. Biroq bu keksalar orasida ayollar ulushining ko‘pligi bilan izohlanadi.

Ko‘pgina holatlar issiqlik bilan bog‘liq deb qayd etilmaydi, chunki o‘lim haqidagi guvohnomalarda, masalan, a’zolar faoliyatining to‘xtashi ko‘rsatiladi. Ko‘pincha o‘limga yuqori harorat va yurak-qon tomir, o‘pka yoki buyrak kabi mavjud hamroh kasalliklarning kombinatsiyasi olib keladi.

Statistikaga ko‘ra, ekstremal yuqori harorat Saar va Reynland-Pfals federal yerlari aholisiga eng kuchli zarba bergan. U yerda issiq tufayli tegishlicha har 100 ming aholiga 46 va 42 kishi vafot etgan. Gessen va Baden-Vyurtembergda bu ko‘rsatkich bir oz pastroq – 31 va 28.

Avvalroq sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Karl Lauterbax anomal issiqlik oqibatlariga qarshi kurashish choralarini kuchaytirish tarafdori bo‘lib chiqqan. “Rheinische Post” gazetasiga bergan intervyusida Germaniya Sotsial-demokratik partiyasidan Bundestag deputati butun mamlakat bo‘ylab, xususan, issiqlik masalalari bo‘yicha axborot portallari va ishonch telefonlarini joriy etishni taklif qilgan.

Germaniya Federal atrof-muhit va iqlimni muhofaza qilish vazirligi davlat kotibi Yoxen Flasbart 2027 yil yoziga qadar ekstremal issiqlikka qarshi kurashish bo‘yicha milliy reja tuzish taklifi bilan chiqqan. Germaniya shaharlari birlashmasi rahbari, Leypsig oberburgomistri Burkxard Yung esa “Redaktionsnetzwerk Deutschland” (RND) media guruhi nashrlariga bergan intervyusida issiqlik va iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashish choralarini moliyalashtirishni GFR Asosiy qonunida mustahkamlab qo‘yishga chaqirgan.

Shu bilan birga, Germaniya shifoxonalar jamiyati tibbiyot muassasalarida sovitish tizimlarini modernizatsiya qilish o‘ta zarurligini ko‘rsatib o‘tgan. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda nemis klinikalaridagi palatalarning faqat kichik bir qismi konditsionerlar bilan jihozlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyada jazirama qurbonlari soni 12,5 mingga yetgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing