Germaniyada jazirama 12,5 ming odamning “boshini yedi”
Olam
−
12:19 705 2 daqiqa
Germaniyada jazirama qurbonlari soni 12,5 mingga yetdi. Robert Kox instituti bu ko‘rsatkich so‘nggi 10 yildagi eng yuqori natija ekanini bildirdi. Bu haqda DW xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu ko‘rsatkich ehtiyotkorlik bilan hisoblangan bo‘lib, issiq havo sababli vafot etganlar soni amalda bundan ham yuqori bo‘lishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, 12,5 minglik ko‘rsatkich Germaniyada so‘nggi 10 yildagi eng yuqori natija hisoblanadi. Avvalgi rekord 2018 yilda qayd etilgan bo‘lib, o‘sha yili jazirama issiq tufayli qariyb 9,4 ming kishi vafot etgan. 2019 yilda esa bu ko‘rsatkich 7,7 mingga yaqin bo‘lgan.
Jaziramaning eng kuchli ta’siri Saar va Reynland-Pfals federal yerlarida kuzatilgan. Bu hududlarda har 100 ming aholiga mos ravishda 43,4 va 38,7 ta o‘lim holati qayd etilgan. Mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich esa har 100 ming kishiga 15 ta o‘limni tashkil etmoqda.
Yosh guruhlari bo‘yicha eng ko‘p qurbonlar 85 yosh va undan kattalar orasida qayd etilgan bo‘lib, qariyb 6,3 ming kishiga yetgan. 75–84 yoshdagi 3,1 mingdan ortiq odam jazirama issiq oqibatida vafot etgan.
Hozir Germaniyada yana issiq havo to‘lqini kuzatilmoqda. Biroq u iyun oxiridagi jaziramaga qaraganda nisbatan yaxshiroq. O‘sha paytda mamlakatning ayrim hududlarida havo harorati 40 darajadan oshgan. Hisob-kitoblariga ko‘ra, faqat iyun oyidagi jazirama Germaniyada qariyb 5,1 ming kishining umriga zomin bo‘lgan edi.
Shuningdek, joriy yilning iyun va iyul oylari G‘arbiy Yevropada kuzatuvlar tarixidagi eng issiq davr bo‘lgan. Yevropaning iqlim o‘zgarishini kuzatuvchi Copernicus xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu ikki oyda o‘rtacha harorat 1991–2020 yillardagi ko‘rsatkichdan 2,79 darajaga yuqori bo‘lgan.
Germaniyaning sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Karl Lauterbax jazirama issiqning oqibatlariga qarshi choralarni kuchaytirishga chaqirdi. U mamlakat bo‘ylab issiq havo bo‘yicha axborot portallari va ishonch telefonlarini tashkil qilish zarurligini bildirgan.
Germaniya Atrof-muhit va iqlimni muhofaza qilish vazirligi davlat kotibi Yoxen Flasbart esa 2027 yilning yozigacha ekstremal issiqqa qarshi milliy reja ishlab chiqishni taklif qilgan.
Nemis shifoxonalari assotsiatsiyasi esa tibbiyot muassasalaridagi sovitish tizimlarini modernizatsiya qilish zarurligini bildirgan. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Germaniya klinikalaridagi palatalarning faqat kichik qismi konditsionerlar bilan jihozlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyada joriy yil boshidan buyon yuqori haroratlar oqibatida qariyb 10 ming kishi hayotdan ko‘z yumgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi