Fransiyada yozgi harorat tarixiy rekordni yangiladi
Olam
−
12:37 611 2 daqiqa
Fransiyada joriy yilning yoz fasli mamlakatda harorat kuzatuvlari boshlangan 1900 yildan buyon eng issiq yoz sifatida qayd etildi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda yoz davomida bir necha bor kuchli jazirama kuzatilgan. Xususan, iyun oyining oxirida qayd etilgan issiq to‘lqini o‘zining kuchi bo‘yicha yangi rekord o‘rnatgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu jazirama davrida mamlakatda 2 025 ta ortiqcha o‘lim qayd etilgan. O‘lim holatlarining sezilarli qismi 45 yoshdan oshganlar orasida kuzatilgan.
Iyul oxiridan avgust oyigacha davom etgan navbatdagi issiq to‘lqini esa 23 kun davom etgan. Bu ko‘rsatkich 1983 yilda qayd etilgan rekordni takrorlagan.
Jazirama bilan bir qatorda, Fransiyaning odatda salqin va nam bo‘lgan hududlarida ham yirik o‘rmon yong‘inlari yuzaga kelgan.
Fransiya meteorologiya xizmati “Météo-France” ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yozi davomida yog‘ingarchilik miqdori me’yoridan qariyb 40 foizga kam bo‘lgan. Shu sababli yoz fasli kuzatuvlar tarixidagi yog‘ingarchilik eng kam bo‘lgan ikkinchi yoz sifatida qayd etilgan.
Yoz davomida mamlakat bo‘yicha o‘rtacha harorat 24 darajani tashkil qilgan. Bu odatiy ko‘rsatkichdan 3,6 daraja yuqori.
“2026 yil yozi tarixda qoladi”, dedi Monik Barbyut.
Uning ta’kidlashicha, endilikda Fransiya oldida iqlim o‘zgarishlariga moslashish va issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha choralarni kuchaytirish vazifasi turibdi.
Fransiya bilan bir qatorda Belgiya, Buyuk Britaniya va Irlandiyada ham 2026 yilning yozida rekord darajadagi yuqori haroratlar qayd etilgan.
Yevropa Ittifoqining Copernicus Climate Change Service ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa 1980 yillardan buyon global o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan qariyb ikki barobar tez sur’atda isib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilning yozida Yevropada kuzatilgan ketma-ket 4 ta rekord darajadagi jazirama to‘lqini sababli kamida 35 ming kishi vafot etgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi