Germaniyada shifoxonaga o‘t ketdi. Qurbon bor
Olam
−
01 noyabr
1656Kecha, 31 oktyabr kuni Germaniyaning Frankenberg shahridagi shifoxonada yong‘in chiqishi oqibatida bir bemor halok bo‘ldi, 13 nafari jarohat oldi. Bu haqda “Bild” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Frankenberg shahridagi shifoxonada sodir bo‘lgan yong‘in bemor yotgan xonadan chiqqan. Ushbu xona yerosti qavatida joylashgan bo‘lib, ichki kasalliklar bo‘limiga kiradi. Hodisa payti yong‘in signalizatsiyalari ishga tushgan. Vafot etgan shaxs o‘sha xonada yotgan bemor ekani taxmin qilinmoqda.
Qayd etilishicha, mahalliy vaqt bilan 18:00 atrofida boshlangan yong‘in soat 18:40 da o‘chirilgan. 13 bemor zaharli tutun yutgani yoki boshqa tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgani sababli boshqa shifoxonalarga ko‘chirilgan. Yong‘inni bartaraf etish uchun 300 nafar o‘t o‘chirish xizmati xodimi, tez yordam, transport vositalari va shifokorlar jalb qilingan.
Ma’lum bo‘lishicha, shifoxonaning ba’zi qismlaridan endi foydalanish imkoni yo‘q. Shu sababli, endi boshqa bemorlarni ham ko‘chirish zarur.
Politsiya yong‘in sabablarini aniqlash bo‘yicha tergov harakatlarini boshlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Qo‘stanay viloyati Jitikara shahrida joylashgan shaxsiy tomorqa hududida sodir bo‘lgan yong‘in 5 nafar bolaning hayotiga zomin bo‘lgan edi.