Germaniyada Alisher Usmonovni “Dilbar”ning egasi deb atash taqiqlandi
Olam
−
12 may
12785Joriy yilning 5 may kuni Germaniyaning Gamburg sudi Alisher Usmonovning “Dilbar” yaxtasiga egalik qilishi to‘g‘risidagi “Mediahuis Luxembourg” nashriyoti ilgari surgan da’voni haqiqatga zid deb topdi va uni tarqatishni taqiqladi. Bu haqda sud rasmiy saytida e’lon qilindi.
Sud qaroriga ko‘ra, bunday da’volar Usmonovning huquqlarini buzadi va ularni tarqatganlarga nisbatan har bir holat uchun 250 ming yevrogacha jarima yoki jarimani undirish imkoni bo‘lmasa, 6 oygacha ma’muriy qamoq jazosi, jami 2 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llanilishi mumkin. Mazkur qaror ortidan maqoladagi nizo tug‘dirgan jumlalar “Luxembourg Times” saytidan allaqachon olib tashlangan.
Usmonov manfaatlarini himoya qilayotgan yurist Yoaxim Shtaynxyofelning aytishicha, Yevropa Ittifoqi prokuraturasi va sanksiya qo‘llovchi organlar “sud tomonidan rad etilgan va obro‘sizlantirilgan OAV materiallariga” tayanmoqda. U bunga jarayonning qonuniyligi yuzasidan jiddiy xavotir uyg‘otuvchi holat sifatida baho bergan.
Qayd etish joiz, 2024 yil fevral oyida Germaniyaning DPA axborot agentligi Alisher Usmonovning singlisi Gulbahor Ismoilova “Dilbar” yaxtasining egasi ekani haqida e’lon qilingan materialni rasmiy ravishda qaytarib olgan edi. Mazkur da’vo Yevropa Ittifoqi tomonidan Ismoilovaga nisbatan sanksiyalar qo‘llashga asos sifatida ko‘rsatilgan. 2022 yilda aynan shu vaj bilan “Dilbar” yaxtasida tintuv o‘tkazilgan.
2024 yil aprel oyida esa Germaniyaning “Munchner Merkur” gazetasi Alisher Usmonov va uning mulklariga oid 15 ta maqolani saytidan olib tashlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qisman Usmonovga tegishli bo‘lgan Deep Sea Mining Finance (DSMF) kompaniyasi tomonidan ijaraga olingan Coco kemasi Papua-Yangi Gvineyaning eksklyuziv iqtisodiy zonasida suv ostidan noqonuniy ruda qazib olishda gumonlanayotgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi