Germaniya o‘z xavfsizligi uchun ham Ukrainaga yordam beradi – Shols
Olam
−
30 mart
4198Germaniya kansleri Olaf Shols o‘z mamlakati Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishiga yana bir bor ishontirdi va Germaniyaning xavfsizlik manfaatlariga muhtojligini bildirdi. U bu haqda kecha, 29 mart kuni Pasxa bayrami munosabati bilan o‘z vatandoshlariga qilgan murojaatida aytib o‘tdi.
Erkinliksiz tinchlik zulm ekanligini, adolatsiz sulh bo‘lmasligini bildirgan Germaniyaning 9-kansleri insoniyatga urushlarsiz dunyo kerakligini qo‘shimcha qilgan.
"Biz qancha kerak bo‘lsa, shuncha vaqt davomida Ukrainani adolatli dunyo qurish uchun avj olgan kurashda qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz buni ham Ukraina uchun, ham o‘z xavfsizligimizni ko‘zlab amalga oshiramiz", degan Shols.
Qolaversa, kansler Moskvani kuch ishlatish orqali chegaralar daxlsizligi tamoyilini buzganlikda ayblagan va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etish – qat’iy va oqilona qaror ekanligini ta’kidlagan hamda nemis jamiyatini birdamlikka chaqirgan.
Ma’lumot uchun, Germaniya Ukrainaga AQSHdan keyin ikkinchi qurol yetkazib beruvchi davlat hisoblanadi. Joriy yilning 16 fevralida Ukraina bilan xavfsizlik bo‘yicha majburiyatlar va uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma imzolagan Germaniya hozirgacha Ukrainani harbiy qo‘llab-quvvatlash uchun taxminan 28 milliard yevro miqdorida yordam taqdim etgan. Rossiya tomoni esa Kiyevga qurol yetkazib berish faqat Ukrainadagi mojaroni uzaytirishdan boshqa narsa emasligini bir necha bor ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya kansleri Olaf Shols Rossiya kuch-qudratini ortiqcha baholamaslikka chaqirgan edi.