Germaniya “Tolibon” bilan rasmiy aloqa o‘rnatdi
Olam
−
15 Sentabr 2025 2675 2 daqiqa
Germaniya Ichki ishlar vazirligi kecha, 14 sentyabr kuni, “Tolibon” muvaqqat hukumati bilan aloqalar o‘rnatilganini rasmiy tarzda tasdiqladi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindtning so‘zlariga tayanib, “Die Welt” gazetasi xabar berdi.
Vazirning tushuntirishicha, harakat a’zolari bilan aloqa o‘rnatishdan maqsad – Afg‘onistonga ko‘proq odamlarni deportatsiya qilish uchun “amaliy to‘siqlarni” bartaraf etish.
“Biz Afg‘onistonga muntazam va davriy qaytishni ta’minlamoqchimiz. Shu maqsadda afg‘on vakillari bilan texnik darajada muzokaralar olib borilmoqda”, degan vazir.
Bundan avval “Bild” gazetasi Ichki ishlar vazirligining Afg‘onistonga deportatsiyalar bo‘yicha “Tolibon” bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralari haqida xabar bergan edi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, sentyabr boshida Germaniya Ichki ishlar vazirligi vakillari deportatsiyalar uchun muntazam mexanizm o‘rnatish masalasida Qatarda toliblar bilan uchrashgan. Hozir esa federal hukumat vakillari muzokaralarni davom ettirish maqsadida Afg‘oniston poytaxti Qobulga safar uchun tayyorlamoqda.
Xabarlarga ko‘ra, muzokaralarning maqsadi Germaniyadan Afg‘onistonga deportatsiya jarayonlarini soddalashtirish va kengaytirishdan iborat. Deportatsiyalar nafaqat charter reyslar orqali, balki muntazam aviareyslar orqali ham amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Loyiha amalga oshirilishida yana Qatar vositachilik qilishi mumkinligi ham aytilmoqda.
Ma’lumot uchun, Germaniya 2021 yil, ya’ni “Tolibon” hokimiyatga kelganidan so‘ng huquqiy ta’qib xavfi ostida bo‘lgan afg‘onlar, jumladan, Germaniya muassasalarida ishlaganlar uchun maxsus qabul dasturini joriy qilgandi. Bu dastur orqali ba’zi bir afg‘onistonliklarga mamlakatga kirish imkoni yaratilgan. Biroq 2025 yilning may oyida Germaniyaning hukmron koalitsiyasi bu dasturni to‘xtatib qo‘ydi. Shunga qaramay, ayrim afg‘onlar sudga murojaat qilib, o‘zlari va oila a’zolari uchun Germaniyaga kirish huquqini qo‘lga kiritmoqda. Germaniya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirda sudlarda shunday 85 ta ish ko‘rib chiqilmoqda. Dasturning bekor qilinishiga esa Germaniyada muhojirlar tomonidan sodir etilgan qator shov-shuvli hujumlar yaqqol asos bo‘ldi. Masalan, joriy yilning 22 yanvar kuni Bavariyaning Ashaffenburg shahrida mamlakatda bo‘lish huquqiga ega bo‘lmagan 28 yoshli afg‘onistonlik shaxs odamlarga pichoq bilan hujum qilgan. Hujum oqibatida ikki yoshli bola va 41 yoshli erkak halok bo‘lgan, yana uch kishi, jumladan, bir bola jarohat olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyaga afg‘onistonlik bo‘lgan 45 nafar fuqaro yetib borgani va ularga mamlakatga kirish uchun ruxsat berilgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi31 dekabr 2025
Farg‘ona davlat texnika universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipovga yangi o‘rinbosar bo‘ldi.
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
29 dekabr 2025