Germaniya Prezidenti Bishkekni Rossiyaga qarshi sanksiyalarga rioya qilishga chaqirdi

Olam

image

Qirg‘izistonda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Bishkekni Ukrainadagi urush tufayli Rossiyaga qarshi joriy qilingan sanksiyalarga rioya qilishga chaqirdi. Bu haqda u kecha, 22 iyun kuni qirg‘izistonlik mavqedoshi Sadir Japarov bilan bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Germaniya davlati rahbari Berlin Qirg‘izistonning BMT Bosh Assambleyasida Ukrainadagi urush masalasi bo‘yicha ovoz berishda betaraf qolganiga xayrixoh ekanini bildirgan. 

“GFR Respublikaning Rossiya bilan ko‘plab tarixiy, iqtisodiy, madaniy va insoniy aloqalari fonida BMTdagi ovoz berish natijalarini “Bishkek harbiy kuch ishlatishni oqlaydi”, degan signal sifatida ko‘rmaydi”, deydi Shtaynmayer.

Ma’lum bo‘lishicha, Prezidentlar orasidagi muzokaralarning asosiy qismi ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarga bag‘ishlangan. 

“Germaniya Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaqinroq hamkorlik qilishni istaydi, ayniqsa, biz yashayotgan mana shunday keskin davrda”, degan Germaniya Prezidenti. 

O‘z navbatida Japarov davlatlar o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik uchun juda katta foydalanilmagan salohiyat mavjudligini ta’kidlab, investitsiyalar hajmini oshirish va nemis texnologiyalarini Qirg‘izistonga o‘tkazishga umid bildirgan. Bunga javoban Shtaynmayer sarmoyadorlarni muayyan ramka shartlari qiziqtirayotganini ta’kidlagan.

“Bu, jumladan, demokratik standartlarga rioya qilish va qonun ustuvorligini o‘z ichiga oladi”, deya tushuntirgan Germaniya Prezidenti.

Shuningdek, u nemis biznesiga Japarovning korrupsiyaga qarshi kurash, buning uchun zarur bo‘lgan huquq-tartibot va sud organlarini rivojlantirish Qirg‘iziston Prezidentining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani haqidagi bayonotlarini yetkazishini bildirgan.

Aytish joizki, Germaniya va Qirg‘iziston o‘rtasidagi savdo hanuzgacha ancha past darajada. Germany Trade & Invest ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda Germaniya Qirg‘izistonga 20 million yevroga yaqin mahsulotni import qilgan va 49 million yevrodan sal kamroq qiymatdagi tovarlarni eksport qilgan. Nemis kompaniyalarining Qirg‘izistondagi sarmoyaviy faolligi ham qoniqarli darajada emas. Shunga qaramasdan, Germaniya Qirg‘iziston xomashyosiga qiziqish bildirmoqda. Chunki bu yerda noyob yer metallari va oltinning yirik konlari bor.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Rossiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing