Germaniyaning Navalniy to‘g‘risidagi bayonotidan keyin Rossiya rubli “quladi”
Olam
−
02 Sentabr 2020
11471Avvalroq, Germaniya Hukumati rossiyalik muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy asab tizimini falajlovchi “Novichok” guruhiga mansub modda bilan zaharlanganini aytib chiqqandi.
Germaniya rasmiylari bayonotidan keyin Rossiya milliy valbtasi rubl qadrsizlana boshladi. Qisqa vaqtda dollar kursi 2,12 foizga o‘sib, bir AQSH dollari 75,14 rublga teng bo‘lib qoldi. Yevro kursi esa 1,39 foizga ko‘tarildi va 1 yevro 88,88 rublga teng bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Aleksey Navalniy 20 avgustdan beri komada qolyapti. U Tomskdan Moskvaga uchayotganda tobi qochgandi. Uning safdoshlari siyosatchi zaharlanganini taxmin qildi.
U ikki sutka Omskdagi shifoxonada qolib ketdi. Shundan so‘ng, shifokorlar uni Berlinga ko‘chirishga ruxsat berdi. Navalniyning tarafdorlari shifokorlarning bunday harakatini organizmdagi zaharlash izlarini yo‘qotish uchun vaqtdan yutish deb baholadi.
Berlinga olib kelingach, nemis shifokorlari tahlillar o‘tkazib, Navalniy zaharlanganini ma’lum qildi. Germaniya tekshiruvlarni davom ettirib, moddani ham aniqladi. Bu orada nemis rasmiylari Rossiyani holat bo‘yicha shaffof tekshiruv o‘tkazishga chaqirdi. Ammo Kreml bu chaqiriqni vahimaga tenglashtirib, surishtiruv boshlamadi.
Germaniya esa harakatdan to‘xtamay, ittifoqchilari bilan Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qilishni muhokama qilishga kirishdi.
LiveBarchasi