Germaniya Markaziy Osiyoning suvereniteti uchun o‘ta muhim – Olaf Shols
Olam
−
18 Sentabr
4634Joriy yilning 15-17 sentyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Markaziy Osiyoda, aynan, O‘zbekiston va Qozog‘istonda bo‘lgan Germaniya kansleri Olaf Shols Markaziy Osiyo davlatlari suvereniteti haqida gapirdi. Bu haqda u Qozog‘istondagi ommaviy axborot vositalari bilan uchrashuvda so‘z ochdi.
Unga ko‘ra, Markaziy Osiyo agar Germaniya bilan munosabatlarini mustahkamlab olsa, ular o‘z mustaqilligi va suvereniteti ustida ishlashlari oson bo‘ladi.
“Markaziy Osiyo bilan hamkorlik masalasiga kelsak, shuni ta’kidlash kerakki, biz ularni qo‘llab-quvvatlashni, siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni davom ettiramiz. Bu ular uchun yaxshi xabardir. Ular Germaniya bilan yaqinlashsa, o‘z mustaqilligi va suvereniteti ustida ishlashlari oson bo‘ladi”, degan u.
Uning ma’lum qilishicha, Markaziy Osiyo davlatlarining boshqa yaxshi sheriklari bor bo‘lgan taqdirda ham Germaniya ular uchun muhimligicha qolaveradi.
Ma’lumot uchun, Olaf Sholsning jurnalistlar bilan mazkur muloqoti o‘zi tomonidan tashkillashtirilgan bo‘lib, Qozog‘iston u bilan qo‘shma konferensiyani boshlash arafasida matbuot anjumani o‘tkazishni bekor qilgan. O‘zbekiston esa avvaldan konferensiya o‘tkazishga rozi bo‘lmagan.
Eslatib o‘tamiz, Olaf Shols 15 sentyabr kuni O‘zbekistonga kelgandi. Samarqandda u Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. 16 sentyabrda Shols va Mirziyoyev ikki davlat ishbilarmon doiralari bilan uchrashdi va qo‘shma Boshqaruv kadrlarini tayyorlash maktabini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi. Shu kuni Shols Qozog‘istonga borib, Prezident Qosim-Jomart To‘qayev bilan tor va kengaytirilgan doiralarda muzokaralar o‘tkazdi. 17 sentyabrda esa Ostonada ikkinchi “Markaziy Osiyo - Germaniya” sammiti bo‘lib o‘tdi. Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev raisligida o‘tgan tadbirda Germaniya federal kansleri Olaf Shols, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdi.
Maryam Choriyeva
LiveBarchasi