Germaniya II Jahon urushidan keyingi eng yirik armiyani tashkil qiladi – Orban
Olam
−
08 mart
11730Joriy yilning 6 mart kuni Belgiyaning Bryussel shahrida bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi sammitida qabul qilingan Yevropani qayta qurollantirish rejasi Germaniyaning qit’adagi eng katta armiyasini tashkil qilishga olib keladi. Bunday holat so‘nggi bor Ikkinchi jahon urushi davrida kuzatilgan. Bu haqda Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban mamlakat Savdo-sanoat palatasida iqtisodiy masalalar bo‘yicha chiqish qilayotganda ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha 27 a’zo davlat tomonidan ma’qullangan reja 800 milliard yevro miqdoridagi mablag‘ ajratilishini ko‘zda tutadi. Bu mablag‘ Yevropa davlatlarining mudofaasini mustahkamlash, qurolli kuchlarini takomillashtirish va harbiy sanoatni rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
“Ushbu dasturga ko‘ra, Germaniya armiyasi Yevropada eng katta bo‘ladi. Bunday holatni biz Ikkinchi jahon urushidan beri ko‘rmagan edik. Endi Rossiya va AQSH bunga qanday munosabat bildirishi katta savol”, dedi Orban.
Uning ta’kidlashicha, ushbu reja asosan hukumat kreditlari hisobidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu esa milliy byudjetlarning tan olingan chegaradan ortiqcha defitsitga uchrashiga sabab bo‘lishi mumkin.
“Bu Maastrix shartnomasining buzilishi hisoblanadi. Natijada butun Yevropa Ittifoqi katta qarzga botishi mumkin. Vengriya Konstitutsiyasi bunga yo‘l qo‘ymaydi, shuning uchun bu borada hali ko‘p bahs-munozaralar bo‘ladi”, deya ogohlantirdi Orban.
Ma’lumot uchun, Hozirda Yevropadagi eng yirik armiya Fransiyaga tegishli bo‘lib, u 200 mingdan ortiq harbiy xizmatchiga ega. Germaniya Qurolli kuchlarida esa 180 mingdan biroz oshiqroq askar xizmat qiladi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Yevropada keyingi o‘rinlarni Italiya va Buyuk Britaniya egallaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Belgiya Mudofaa vaziri Teo Franken joriy yilning 6 mart kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuv chog‘ida u Kiyevga bir milliard yevroga yaqin (1 milliard dollardan ortiq) harbiy yordam taklif qilganini aytgan edi.
LiveBarchasi