Germaniya atom energiyasidan butunlay voz kechdi
Olam
−
15 aprel 2023
8767Germaniyada qolgan so‘nggi uchta atom elektr stansiyasi bugun, 15 aprel kuni faoliyatini tugatdi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Qayd etilishicha, mamlakatdagi oxirgi stansiyalar yopilishi bilan 60 yildan ortiq davom etgan atom energetikasi erasi yakunlangan. Bungacha atom energetikasiga qarshi harakatlar o‘tgan asrning 70 yillaridan boshlangan. 1979 yilda Pensilvaniyadagi Three Mile Island atom elektr stansiyasining qisman erib ketishi va 1986 yilda Chernobil halokati bu bo‘yicha qo‘rquvlarni oshirib yuborgan.
Germaniya hukumati 2000 yilda mamlakat hududidagi AESlarni bosqichma-bosqich yopishga va’da bergan. Lekin 2009 yilda yangi hukumat atom energetikasidan qayta tiklanuvchi energiyaga o‘tilgunga qadar foydalanib turish kerak deb hisoblagan. 2011 yilda zilzila va sunami oqibatida Yaponiyada Fukusima atom elektr stansiyasining uchta reaktori yonib ketishi katta miqyosdagi yadroviy avariya sodir bo‘lishi mumkin emasligi haqidagi kafolatlar ishonchli emasligini tasdiqladi.
O‘sha vaqtdagi Germaniya kansleri Angela Merkel buni “Yaponiya uchun aql bovar qilmas falokat va dunyo uchun burilish nuqtasi” deb atagandi. Shundan so‘ng mamlakatdagi AESlar zudlik bilan yopila boshladi. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan uning gaziga qaram bo‘lgan Germaniya so‘nggi AESlarini yopish rejasini yana kechiktirdi. Mamlakat 2022 yilning yozidan boshlab energiya zaxiralarini to‘ldirishni boshlab, bu jihatdan Rossiyaga qaramlikni kamaytirish uchun energiya manbalarini diversifikatsiya qilishni boshladi. Eski ko‘mir konlari qayta ochildi, AESlar yopilishi kechiktirildi, suyultirilgan gaz importi bo‘yicha shartnomalar imzolandi. Natijada Germaniya yil yakuniga borib Rossiya gaziga qaramlikdan qutulganini e’lon qildi.
Mamlakat ushbu dekadaning oxiriga borib, iste’moldagi energiyasining 80 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan olishni rejalashtirgan. Shu maqsadda oxirgi yadro energetikasi stansiyalari – Emsland, Isar 2 va Neckarwestheim bugun yopildi.
Eslatib o‘tamiz, Yevropada AESlar yopilayotgan bir paytda O‘zbekiston “Rosatom” bilan birga atom elektr stansiyasi qurish rejasini e’lon qilgan. Shuningdek, qo‘shni davlat – Qozog‘istonda ham AES qurilishi haqida xabar berilgan.
LiveBarchasi