Shols Asad rejimining ag‘darilishini olqishladi
Olam
−
08 dekabr
6472Germaniya federal kansleri Olaf Shols Suriyada prezident Bashar Asad rejimining ag‘darilishini olqishladi. Bu haqda federal kanslerning bayonoti bugun, 8 dekabr kuni hukumat matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.
“Bashar Asad o‘z xalqiga shafqatsizlarcha zulm qildi, son-sanoqsiz jonlarni o‘ldirdi va ko‘plab odamlarni Suriyani tark etishga majbur qildi, ularning ko‘pchiligi Germaniyaga ham kelgan. Suriya xalqi dahshatli azob-uqubatlarni boshdan kechirdi. Shuning uchun Suriya ustidan Asad hukmronligining tugashi yaxshi yangilik”, deya yozilgan kansler bayonotida.
Qayd etilishicha, hozir Suriyada huquq va tartibni tezda tiklash juda muhim. Barcha diniy jamoalar va ozchiliklar hozir hamda kelajakda himoya qilinishi kerak. BMT Xavfsizlik Kengashining 2254-rezolyutsiyasiga muvofiq Suriyadagi mojaroga siyosiy yechim topish hali ham mumkin.
Sholsning qo‘shimcha qilishicha, rasmiy Berlin bo‘lajak Suriya hukumati barcha suriyaliklarga munosib va o‘z taqdirini o‘zi belgilash imkoniyatini taqdim etadimi yoki Suriya suverenitetini uchinchi tomonlarning g‘arazli aralashuvidan himoya qiladimi hamda o‘z qo‘shnilari bilan tinch-totuv yashay oladimi, shunga qarab ish tutadi.
Bugun, 8 dekabr kuni “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhi boshchiligidagi isyonchi kuchlar Suriya poytaxti Damashqqa kirdi va mamlakat rahbari Bashar Asad rejimi ag‘darilganini e’lon qildi. Mahalliy aholi AFP agentligiga shaharda kuchli otishma ovozlari haqida ma’lum qilgan. Isyonchilar koalitsiyasi ijtimoiy tarmoqlarda Asad qochib ketgani va mamlakat poytaxti ozod qilinganini e’lon qilgan. Suriya armiyasining ikki yuqori martabali zobiti “Reuters” agentligiga mamlakat prezidenti Bashar Asad Damashqdan noma’lum tomonga jo‘nab ketgani haqida xabar bergan. Bu haqda avvalroq CNN tarqatgan ma’lumotni Suriya Inson huquqlari observatoriyasi ham tasdiqlagan. Tashkilot rahbari Rami Abdel Rahmonga ko‘ra, Asad Damashq xalqaro aeroportidan uchib ketgan. “Reuters”ga ko‘ra, Bashar Asad samolyot halokatida vafot etgan bo‘lishi mumkin.
Suriya bosh vaziri Muhammad G‘ozi al-Jaloliy Facebook’da e’lon qilingan videoda hukumat vakolatlarini Suriya xalqi tomonidan ma’qullangan har qanday rahbariyatga topshirishga tayyorligini aytgan. Suriya qurolli muxolifat qo‘mondonlari Damashqda mahalliy vaqt bilan soat 16:00 dan boshlab ertalab soat 5:00 gacha davom etadigan komendantlik soati joriy etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Suriyadagi so‘nggi voqealarga munosabat bildirgandi. Unga ko‘ra, Suriya prezidenti Bashar Asad va qurolli mojaro ishtirokchilari o‘rtasidagi muzokaralar tufayli u hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berib, prezidentlik lavozimini tark etishga qaror qilgan va mamlakatni tark etgan. Rossiya bu muzokaralarda ishtirok etmagan. Vazirlikning Damashq qurolli mojaro vakillari tomonidan bosib olinganidan keyin bergan bayonotida Rossiya Suriyadagi muxolif guruhlarning barcha a’zolari bilan aloqada ekani ma’lum qilingan.
Shuningdek, Suriyadagi Rossiya fuqarolarini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Rossiya tomoni, shu bilan birga, Suriya jamiyatining barcha etno-konfessional kuchlarining fikrlarini hurmat qilishga chaqirgan.
LiveBarchasi