Sholsning raqibi Kiyevga bordi

Olam

image

Bugun, 9 dekabr kuni Xristian-demokratik ittifoq (XDI) va Xristian-ijtimoiy ittifoq (XII)ning muxolif blokidan Germaniya kansleri lavozimiga nomzod Fridrix Mers Kiyevga bordi. Bu haqda "Deutsche Welle" xabar berdi.

U ushbu safar davomida Ukraina mudofaasining hozirgi holati bilan tanishish niyatida ekanligini aytdi. Bundan tashqari, Mers Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashishni intiqlik bilan kutayotganini, shuningdek, Germaniya Ukrainani Rossiya harbiy agressiyasidan himoya qilish uchun nima qilishi mumkinligi haqida ma’lumot olishni istashini bildirdi.

“Men Kiyevga Ukraina hukumati va Ukraina xalqini XDI/XII fraksiyasi ular tarafida ekanligiga ishontirish uchun keldim. Biz bu dahshatli urush imkon qadar tezroq tugashini va Yevropada tinchlik tiklanishini istaymiz", dedi u.

Germaniyaning eng yirik muxolifat bloki rahbari Ukraina o‘zini o‘zi himoya qilish huquqidan foydalanishi uchun zudlik bilan keyingi harbiy yordamga muhtojligini ta’kidladi.

"Agar bizning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashimiz zaiflashsa, urush uzoqroq davom etadi. Agar Ukrainani qo‘llab-quvvatlashimiz izchil bo‘lsa, urush tezroq tugaydi. XDI/XII bloki ukrainaliklarning “tinch va erkinlikda” yashashini istaydi", deya qo‘shimcha qildi nemis siyosatchisi.

Avvalroq Fridrix Mers Germaniyaning amaldagi kansleri Olaf Sholsni o‘zining qat’iy pozitsiyasi bilan Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Ukrainadagi urushni davom ettirishiga hissa qo‘shayotganlikda bir necha bor ayblagan edi. Sholsdan farqli o‘laroq, Mers Ukraina Qurolli kuchlarini Germaniyaning uzoq masofali TAURUS raketalari bilan ta’minlashni istisno etmaydi.

"TAURUS qanotli raketalari Ukrainaga Rossiya armiyasining ta’minot yo‘llarini jiddiy ravishda buzishga imkon beradi", dedi muxolifat rahbari.

Mersni kanslerlikka nomzod qilib ko‘rsatgan XDI/XII bloki 2025 yil fevraliga mo‘ljallangan Bundestagga muddatidan oldin saylovlar oldidan o‘tkazilgan so‘rovlarda yetakchilik qilmoqda.

Ma’lumot uchun, bu Fridrix Mersning keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri Ukrainaga birinchi safari emas. U 2022 yil may oyida Kiyevga tashrif buyurgan.

Eslatib o‘tamiz, Germaniya kansleri Olaf Shols 2 dekabr kuni Ukrainaga tashrif bilan borgandi. Keyinchalik u  Ukrainaga nemis qo‘shinlarini yuborishga qarshi chiqdi


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Ukraina Fridrix Merts

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing