Germaniya Afg‘onistondan fuqarolarni evakuatsiya qilishni to‘xtatdi
Olam
−
27 avgust 2021
7156Germaniya Afg‘onistondan fuqarolarini va afg‘onistonliklarni evakuatsiya qilishni to‘xtatdi. Bu haqda “Deutche Welle” nashri xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, so‘nggi to‘rtta samolyot kecha, 26 avgust kuni tushdan keyin himoyaga muhtoj Germaniya fuqarolari va xorijliklar bilan Qobuldan Toshkentga yo‘l olgan. Shu tariqa Afg‘onistondan evakuatsiya qilish missiyasi yakunlangan.
Bundan avval Mudofaa vazirligi Twitter ijtimoiy tarmog‘ida 5 300 dan ortiq kishi, jumladan, 4 100 afg‘on olib chiqib ketilgani haqida ma’lum qilgan.
Qayd etish kerakki, nemis harbiy xizmatchilari ishtirokida Afg‘onistondan tinch aholini evakuatsiya qilish joriy yilning 25 avgust kuni boshlangan. Germaniya kansleri Angela Markel xuddi shu kuni mamlakat parlamentida so‘zlagan nutqida ba’zi bir istisno holatlar tufayli evakuatsiya ertaroq boshlanganini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 26 avgust kuni Afg‘oniston poytaxti Qobul shahri aeroportida ketma-ket uchta portlash yuz berdi. Terrorchilik harakati, deya baholangan ushbu falokat oqibatida 150 dan ortiq odam jarohatlangan, 100 dan ziyodi halok bo‘lgan. Qurbonlar soni ortmoqda.
Aytish joizki, avvalroq, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer hamda kansler Angela Merkel bilan Germaniya, Afg‘oniston va Yevropa Ittifoqi davlatlari fuqarolarini Toshkent aeroporti orqali evakuatsiya qilish ishlarini davom ettirish masalalarini muhokama qilgandi.
LiveBarchasi