Merkel Mirziyoyev bilan Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qildi

Jamiyat

image

Bugun, 18 avgust kuni O‘zbekiston Respubliki Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federal Kansleri Angela Merkel bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Suhbatda yetakchilar ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalarni ko‘rib chiqdi hamda Afg‘onistondagi voqealarning rivojlanishi nuqtai nazaridan mintaqadagi joriy vaziyat yuzasidan fikr almashdi.

Ushbu mamlakatda keskinlik va zo‘ravonlikning avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, afg‘on mojarosini siyosiy yo‘l bilan tartibga solishni xalqaro hamjamiyat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalarida ikki mamlakatning pozitsiya va yondashuvlari mos ekani alohida ta’kidlandi.

Fuqarolarni Afg‘onistondan aviatsiya transportida O‘zbekiston hududi orqali tranzit yo‘li bilan Germaniyaga evakuatsiya qilish bo‘yicha gumanitar operatsiyalarni amalga oshirishda yaqindan muvofiqlashuvni va faol idoralararo hamkorlikni davom ettirish muhim ekani qayd etildi.

Mintaqadagi vaziyatning yanada rivojlanishi bo‘yicha oliy va yuqori darajadagi muntazam aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi.

Qayd etish kerakki, kecha, 17 avgust kuni Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan ham telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tgandi. Unda Germaniya, Afg‘oniston va Yevropa Ittifoqi fuqarolarini Toshkent aeroportidan tranzit sifatida foydalanish orqali evakuatsiya qilishni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishilgan.

Bugun, 18 avgust kuni esa Tashqi ishlar vazirligi rasmiy bayonot bilan chiqib, O‘zbekiston Germaniyaga Afg‘onistondagi fuqarolarini evakuatsiya qilishga yordam berishini ma’lum qildi. Bundan avvalroq, Toshkent mahalliy aeroporti vaqtinchalik yopilishi haqida xabar berilgan.

Ma’lumot o‘rnida, kecha, 17 avgust kuni Germaniya Qurolli Kuchlari samolyoti Qobuldan yuzlab insonlarni evakuatsiya qilib, Toshkentga olib keldi. Ular orasida germaniyaliklar, Yevropaning boshqa davlatlari fuqarolari va afg‘onlar bor.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

195

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing