Toshkent mahalliy aeroporti Afg‘onistondagi vaziyat sabab yopilishi ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

Avvalroq, Toshkent aeroportining mahalliy terminali noma’lum muddatga yopilgani, bu Afg‘onistondagi keskin vaziyat bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.

Tashqi ishlar vazirligi rasmiy bayonot bilan chiqib, O‘zbekiston Germaniyaga Afg‘onistondagi fuqarolarini evakuatsiya qilishga yordam berishini ma’lum qildi.

“Erishilgan kelishuvlarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Germaniya Federativ Respublikasiga Afg‘onistondan Germaniya fuqarolarini, shuningdek Germaniyaning Afg‘onistondagi diplomatik missiyasiga xizmat ko‘rsatuvchi texnik xodimlar – Afg‘oniston fuqarolarini evakuatsiya qilish jarayonida texnik ko‘mak ko‘rsatadi”, deyiladi TIV xabarida.

Vazirlik evakuatsiya qilinganlarning barchasi Germaniyaga ketgunga qadar aeroport tranzit hududida bo‘lishini qo‘shimcha qilgan.

Qayd etish kerakki, Shavkat Mirziyoyevning Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan telefon orqali muloqotida Germaniya, Afg‘oniston va Yevropa Ittifoqi fuqarolarini Toshkent aeroportidan tranzit sifatida foydalanish orqali evakuatsiya qilishni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishilgan.

Shu sababdan Transport vazirligi evakuatsiya tadbirlarining uzluksiz amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tomonidan alohida terminal ajratildi. Shu munosabat bilan, ichki va xalqaro reyslarning uchish/kelish joyida va kelish/ketish jadvaliga vaqtinchalik o‘zgarishlar kiritilishi mumkinligini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 17 avgust kuni Germaniya Qurolli Kuchlari samolyoti Qobuldan yuzlab insonlarni evakuatsiya qilib, Toshkentga olib keldi. Ular orasida germaniyaliklar, Yevropaning boshqa davlatlari fuqarolari va afg‘onlar bor. Evakuatsiya qilinganlar charter reysi orqali Frankfurtga jo‘nab ketadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

376

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing