General To Lam Vetnam Prezidenti etib saylandi

Olam

image

Vetnam Sotsialistik Respublikasi Milliy Assambleyasi (bir palatali parlament) Xanoyda bo‘lib o‘tgan yettinchi sessiyasida Vetnam hukmron Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, Jamoat xavfsizligi vaziri, armiya generali To Lamni mamlakatning yangi prezidenti etib sayladi. Bu haqda Milliy Assambleya idorasi rahbari Buy Van Kiong ma’lum qildi.

Parlament nazorat komissiyasining ma’lum qilishicha, 66 yoshli To Lamni davlat rahbari etib saylash to‘g‘risidagi rezolyutsiyani majlisda qatnashgan Milliy assambleyaning 473 nafar deputatidan 472 nafari qo‘llab-quvvatlagan.

Milliy assambleya deputatlari tomonidan mamlakat prezidenti saylovi bo‘yicha o‘tkazilgan ovoz berish natijalari e’lon qilingandan so‘ng darhol davlat rahbarining inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tdi.

“Muqaddas milliy bayroq, Milliy assambleya, butun mamlakatdagi vatandoshlarim va saylovchilar oldida men – Vetnam Sotsialistik Respublikasi Prezidenti Vatanga, xalqqa, Vetnam Sotsialistik Respublikasi Konstitutsiyasiga to‘liq sodiq bo‘lishga, partiya, davlat va xalq tomonidan qo‘yilgan vazifalarni muvaffaqiyatli bajarish uchun bor kuch-g‘ayratimni sarflashga qasamyod qilaman", dedi To Lam.

66 yoshli To Lam zamonaviy Vetnam tarixidagi 13-Prezident bo‘ldi. Davlat rahbari sifatida u 2024 yilning mart oyida o‘z xohishi bilan iste’foga chiqqan 53 yoshli Vo Van Txiong o‘rnini egalladi. 

To Lam 1957 yil 10 iyulda Vetnam shimolidagi Xingen provinsiyasida tug‘ilgan. 1974 yilda davlat xavfsizlik organlari xizmatiga kirgan. To Lam 1979 yilda Markaziy jamoat xavfsizligi maktabini (hozirgi Xalq xavfsizligi akademiyasi) tugatgandan so‘ng o‘z faoliyatini Ichki ishlar vazirligining Siyosiy xavfsizlik birinchi bosh boshqarmasida boshlagan. O‘tgan yillar davomida davlat xavfsizlik organlari tuzilmasida turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan. 2009 yilda general-mayor unvoni bilan Jamoat xavfsizligi vazirligining birinchi bosh xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.

2010 yil avgustida To Lam jamoat xavfsizligi vaziri o‘rinbosari bo‘ldi, 2016 yil aprelida esa vazir lavozimini egalladi. 2019 yil boshida To Lam armiya generali unvoni bilan taqdirlandi va Vetnam davlat xavfsizlik idoralari tarixida ushbu oliy harbiy unvonga ega bo‘lgan to‘rtinchi shaxs bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

V'etnam To Lam

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing