Mayda emas, katta “baliqlarni ovlovchi” korrupsiyaga qarshi agentlik tuziladi
Jamiyat
−
12 may 2020
15003O‘zbekistonda Korrupsiyaga qarshi kurash va uning oldini olish bo‘yicha agentlik tuziladi. Joylarda agentlikning boshqarmalari tashkil etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Oliy Majlis Senatining kecha, 11 may kuni bo‘lib o‘tgan to‘rtinchi yalpi majlisidagi hisoboti vaqtida ma’lum qildi.
Nig‘matilla Yo‘ldoshevning so‘zlariga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashuvchi alohida agentlikning tuzilmasi bo‘yicha takliflar tayyorlanib. O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasiga topshirilgan. Hozirda muhokamalar ketyapti.
“Agentlikka korrupsiyaga qarshi kurashni muvofiqlashtirish vazifasi yuklatiladi. Tuzilmaga alohida huquqni muhofaza qiluvchi mustaqil organ maqomi beriladi. Agentlik biron davlat idorasi, parlament, prezident huzurida emas, alohida bo‘ladi. Bu davlat boshqaruv organlari orasida muvozanatni saqlash va o‘zini-o‘zi tiyib turish tamoyillariga mos keladi. Shu bilan birgalikda sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashga ham kerak, deb o‘ylaymiz.
Agentlik har bir korrupsiya holati sodir etilganda unga yaratilgan sharoitni, korrupsiya xavfini tanqidiy tahlil qioib o‘rganadi va monitoring qiladi.
Shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan har bir qonunda korrupsiyaviy holat yo‘qligi bo‘yicha o‘tkaziladigan huquqiy ekspertiza vakolati agentlik tizimiga o‘tkaziladi. Bundan tashqari, agentlik har bir idora, vazirlik, xo‘jalik boshqaruvi idoralarida ichki nazorat tizimini shakllantirish bo‘yicha tavsiyalar berib boradi”, deydi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.
Bosh prokurorning ta’kidlashicha, yangi agentlikka tezkor qidiruv, tekshiruv va tergov vazifalarini yuklatish masalasi ko‘rilmoqda.
“Bilamizki, Jinoyat kodeksida ham, boshqa qonun hujjatlarida ham mana bu jinoyat korrupsiya, deb aniq belgilanmagan. Korrupsiya holatlari qaysi holatda korrupsiya, qaysi holatda oddiy qonun buzilishi holati ekani bo‘yicha aniq chegara yo‘q.
Tergov huquqiga ega bo‘lgan Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati organlarining tergov va tezkor qidiruv faoliyat vakolatlarini bu organga olib berishdan xoli holda, yangi agentlikka ham shu huquqlar beriladi. Faqat ularning jinoyat sub’ektlarini belgilashda uzil-kesil chegara bedgidaymiz.
Agentlik tezkor qidiruv ishlarini olib borishda parlament a’zolari, prezident administratsiyasi a’zolari, hukumat a’zolari, respublika darajasidagi xo‘jalik yurituvchi idora rahbarlari, bank rahbarlari, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari hamda ularning o‘rinbosarlari darajasidagi mansabdor shaxslar ishini o‘rganadi. Demak biz maishiy korrupsiyadan elitar korrupsiyani o‘rganishga chiqishimiz kerak. Yuqori mansabdorlar darajasidagi korrupsiyaning oldini olsak, pastda ham korrupsiya o‘z o‘zidan yo‘q bo‘lib ketadi.
Shuningdek, davlat xaridlari, byudjet mablag‘larining qonuniy sarflanishi bo‘yicha jarayonni nazorat qilish, deklaratsiya tizimini joriy etish ishlari agentlik zimmasiga yuklatilyapti.
Bularning barchasi prokurorlik nazorati asosida olib boriladi. Chunki amaldagi qonunlarda tergov, tergov oldi tekshiruvi, tezkor qidiruv ishlari ustidan nazorat bevosita prokuratura organlari zimmasiga yuklatilgan. Hech bir idorani kamsitmagan holda, har bir idora ustidan prokuratura qanday nazorat olib borsa, bularning ustidan ham shunday nazorat bo‘lishi ko‘zda tutilgan”, dedi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.
Ma’lum qilinishicha, yangi organ faoliyatini tashkil etish bo‘yicha loyiha xalq muhokamasiga qo‘yiladi va senatorlar ham u bilan tanishishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 yanvar kuni Oliy Majlisga qilgan murojaatida parlament va Prezidentga hisobdor bo‘lgan korrupsiyaga qarshi mustaqil organ tashkil etish bo‘yicha taklif bergan edi.
LiveBarchasi