G‘azoda yana aloqa uzildi
Olam
−
01 noyabr 2023
3008G‘azo sektorida yana telekommunikatsiya va internet butunlay uzildi. Bu haqda Paltel telekommunikatsiya kompaniyasi ma’lum qildi.
“Sizlarga afsus bilan ma’lum qilamizki, G‘azo sektorida ilgari ulangan xalqaro tarmoq qayta-qayta o‘chirilgani sababli barcha aloqa va internet xizmatlari butunlay uzib qo‘yildi”, deyiladi Paltel’ning X ijtimoiy tarmog‘idagi postida.
Ma’lumki, G‘azo Isroilning yirik zarbalaridan keyin aloqa va internet bilan bog‘liq jiddiy muammolarga duch kela boshlagan. Sektordagi asosiy internet provayderi NetStream o‘z xizmatlarini ko‘rsatishni to‘xtatgan. Oqibatda G‘azoda 27 oktyabrda internet butunlay uzilib qolgan. Shundan so‘ng Falastin milliy ma’muriyati Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi bilan Starlink sun’iy yo‘ldoshlari yordamida G‘azo sektorida aloqani tiklash bo‘yicha muzokaralar boshlagandi. Jahon tashkilotlari G‘azo sektorida qolganlar bilan bog‘lanish imkoni yo‘qligidan xavotir bildirgach, 31 oktyabr kuni aloqa tiklandi. Biroq bu uzoqqa cho‘zilmadi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Falastin Jurnalistlari Ittifoqi Isroil internet va telefon aloqalari uzilgan G‘azo sektorida jurnalistlarga qarshi “qirg‘in” uyushtirishi mumkinligidan ogohlantirgandi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 7 oktyabrdan beri blokada ostidagi G‘azo sektorida 38 nafar ommaviy axborot vositalari xodimi halok bo‘lgan.
LiveBarchasi