G‘azoda Isroil qo‘shinlari tibbiyot xodimlarini sababsiz qiynoqqa solgan – HRW

Olam

image

Xalqaro jinoiy sud Isroil qo‘shinlari tomonidan falastinlik tibbiyot xodimlarining qiynoqqa solinganini tekshiradi. Bu haqda Human Rights Watch (HRW) tashkiloti xabar berdi.

Qayd etilishicha, Isroil qo‘shinlari falastinlik tibbiyot xodimlarini G‘azo sektorida sababsiz hibsga olgan va ularni Isroildagi hibsxonalarga jo‘natgan, u yerda shifokorlarga qiynoq va shafqatsiz munosabatda bo‘lishgan. Bu amaliyot Isroilning Falastin anklavidagi shifoxonalarga ko‘plab zarbalari bilan bir qatorda G‘azoning qamaldagi hududi sog‘liqni saqlash tizimining halokatli degradatsiyasiga olib kelgan. HRW’ning Yaqin Sharq bo‘yicha bo‘limi rahbari Balqis Jarrahning so‘zlariga ko‘ra, bu harakatlar Xalqaro jinoiy sud tomonidan to‘liq tekshirilishi va tegishli jazoga tortilishi zarur.

HRW 2023 yilning noyabr-dekabr oylari orasida G‘azoda Isroil harbiylari tomonidan asirga olingan va 7 kundan 5 oygacha hech qanday sababsiz ushlab turilgan sakkiz nafar falastinlik tibbiyot xodimi bilan suhbat o‘tkazgan. Huquq himoyachilari, shuningdek, Isroil askarlari o‘z vazifalarini bajarayotgan tibbiyot xodimlarini hibsga olganiga guvoh bo‘lgan kamida yetti guvoh bilan gaplashgan. Tashkilot 13 avgust kuni Isroil harbiylari va Isroil qamoqxona xizmatiga tegishli so‘rovlar yuborganini, ammo haligacha javob olmaganini ta’kidladi.

G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabrdan beri Isroil kuchlari kamida 310 nafar falastinlik tibbiyot xodimini hibsga olgan va ularning bir qismi qamoqxonalarda vafot etgan. Halok bo‘lganlar orasida G‘azo shahridagi Al-Shifo shifoxonasi jarrohi doktor Adnan al-Bursh va Bayt-Laxiyadagi Kamol Advan shifoxonasi qoshidagi ayollar tibbiy markazi direktori doktor Eyad al-Rantisi ham bor.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil G‘azoga 125 ta gumanitar yordam kirishini rad etgani xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing