G‘azo shimolidagi bemorlarni evakuatsiya qilish ularni o‘ldirish bilan teng – JSST
Olam
−
15 Oktabr 2023
5955Isroilning G‘azo sektori shimolidagi shifoxonalarni evakuatsiya qilish talabi falastinlik kasal va yaradorlarning o‘limiga olib kelishi mumkin. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lum qildi.
“Isroilning G‘azo shimolidagi shifoxonalarni evakuatsiya qilish haqidagi buyrug‘i kasallar va yaradorlar uchun o‘lim jazosidir. Tashkilot 2000 dan ortiq bemor davolanayotgan 22 ta shifoxonaga tegishli mazkur buyruqni qat’iy qoralaydi”, deyiladi JSST bayonotida.
Unda keltirilishicha, bemorlar va tibbiyot xodimlarini majburiy evakuatsiya qilish hozirgi gumanitar va sog‘liqni saqlash sohasidagi falokatni barqarorlashtirmaydi, balki yanada kuchaytiradi. Shuningdek, JSST Isroilni shifoxonalarni evakuatsiya qilish buyrug‘ini darhol bekor qilishga chaqirgan.
“Al Hadath” telekanalining xabar berishicha, ayni paytda 800 mingdan ortiq odam allaqachon G‘azoning shimoliy hududlarini tark etgan. Bu odamlarning barchasi o‘z uylarini va mol-mulkini tashlab, qochqinlarga aylanishga majbur bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil mudofaa kuchlari qo‘mondonligi G‘azo sektori shimolida quruqlikdagi operatsiya boshlanishi munosabati bilan aholiga janubga ko‘chishi uchun avval berilgan 24 soatdan tashqari, yana olti soat qo‘shimcha vaqt bergan edi. Biroq keyinroq Isroil armiyasi G‘azo sektori shimolidagi harbiy operatsiyasini noqulay ob-havo sharoiti tufayli bir necha kunga ortga surishga majbur bo‘ldi.
LiveBarchasi