Gaz o‘chgan yoki keskin pasayib ketgan. “Hududgazta’minot” uzilishlar bo‘yicha izoh berdi
Jamiyat
−
26 yanvar 2022
9909Kecha, 25 yanvar kuni elektr ta’minotida uzoq davom etgan uzilish munosabati bilan “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli “Gazli”, “Sho‘rtan” va “Muborak” neft-gaz qazib olish boshqarmasiga qarashli 64 ta konning ishi vaqtincha to‘xtatilgan edi.
“Hududgazta’minot” AJning ma’lum qilishicha, Bu, o‘z navbatida, “O‘ztransgaz” AJ magistral gaz quvurlari va gaz operatorining mahalliy tarmoqlarida bosimning pasayishiga ta’sir ko‘rsatgan.
“Ayni paytda Farg‘ona vodiysi, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarining bir qator tumanlari hamda Toshkent shahrida tabiiy gazni yetkazib berishda bosimning pasayishi yoki uning yo‘qligi kuzatilmoqda.
Shu munosabat bilan “Hududgazta’minot” AJ bosimni tiklash va iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rilayotganligini ma’lum qiladi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda gaz yetishmasligi yoki uni yetkazib berish paytida bosim pasaygan manzillarda gaz ishlatadigan barcha jihozlarni o‘chirib qo‘yish va binolarda gaz hidi yo‘qligini tekshirish kerak.
Zarurat tug‘ilganda 1104 call- markaziga yoki 104 dispetcherlik xizmatiga qo‘ng‘iroq qilish mumkin.
“Hududgazta’minot” AJ yuzaga kelgan noqulayliklar uchun fuqarolardan uzr so‘ragan.
“Konets sveta”
Kecha, 25 yanvar kuni soat 11:00 larda O‘zbekistonning qator viloyatlarida elektr energiyasi ta’minoti uzildi. Buning ortidan dastlab metropoliten faoliyati to‘xtatildi, keyin poyezdlarning manzilga yetib borish vaqti kechiktirildi. Elektrdagi uzilish suv ta’minotini ham to‘xtatib qo‘ydi. Metro bir kun o‘tibgina faoliyatini qayta tikladi.
Keyinroq, qo‘shni mamlakatlar — Qozog‘iston va Qirg‘izistonning qator hududlarida ham elektr energiyasi uzildi. O‘zbekistonda esa barcha ayeroportlar faoliyati cheklandi.
O‘zbekiston Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, Qozog‘iston Elektr tarmog‘ida katta avariya bo‘lishi oqibatida Olma-ota, Chimkent, Taras, Turkiston (viloyatlarida) va atrof hududlarida Elektr energiya ta’minotida o‘chishlar yuzaga kelgan.