G‘arbning G‘azoda sulh tuzish haqidagi va’dalari yolg‘on bo‘lib chiqdi – Eron Prezidenti

Olam

image

AQSH va Yevropa davlatlarining HAMAS yetakchisi Ismoil Xoniyaning o‘ldirilishiga Eronning javob bermagani evaziga blokadadagi G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishga va’da bergan bayonotlari mutlaqo yolg‘on bo‘lib chiqdi. Bu haqda kecha, 29 sentyabr kuni Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon ma’lum qildi.

"Sionistik rejimning jinoyatlarini qabul qilib bo‘lmaydi va ular javobsiz qolmaydi. AQSH va Yevropa davlatlari rahbarlarining Eron Xoniya o‘ldirilishiga reaksiya bildirmasligi evaziga o‘t ochishni to‘xtatishga va’da bergan bayonotlari butunlay yolg‘on edi. Bunday jinoyatchilarga imkoniyat berish ularni yanada ko‘proq jinoyat sodir etishga undaydi", degan Pezeshkiyon.

Eron Prezidentining bayonotlari mamlakatda bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Kechasi bir guruh faollar Eron Oliy Milliy Xavfsizlik Kengashi oldida yig‘ilib, rasmiylardan bu bayonotlarga javob berishni talab qilishdi.

Eron 31 iyul kuni poytaxt Tehronda HAMAS yetakchisi Ismoil Xoniyaning o‘ldirilishi ortidan Isroilga o‘ch olish qarorini e’lon qildi. Shu bilan birga, Tehron G‘azo sektoridagi Isroil hujumlarini butunlay to‘xtatish evaziga hujum qilish niyatidan voz kechishi haqidagi da’volar paydo bo‘ldi.

"Hujum bilan milliy suverenitetini xavf ostiga qo‘ygan Isroilni jazolash uchun qabul qilingan qaror va G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga qaratilgan sa’y-harakatlar alohida mavzular, ammo sulh jarayoniga zarar keltirmasligimizga umid qilamiz", deyiladi Tehronning javob bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, 27 sentyabr kuni Isroilning Livan poytaxti Bayrutga bergan zarbasida “Hizbulloh” yetakchisi Hasan Nasrulloh halok bo‘lgandi. Bundan tashqari, Eron davlat axborot agentligi IRNA xabariga ko‘ra, xuddi shu Isroil hujumida “Hizbulloh”ga yordam berish uchun Erondan Livanga jo‘natilgan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni o‘rinbosari, general-mayor Abbos Nilforushan halok bo‘lgan. 29 sentyabr kuni Eron rasmiylari Nilforushanning o‘limiga rasman izoh berdi. Mamlakat Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi uning o‘ldirilishi javobsiz qolmasligini aytdi. Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon esa “Hizbulloh” yetakchisini o‘ldirishda AQSHni aybladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Eron Ismoil Xoniya Mas'ud Pezeshkiyon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing