G‘arbiy Sohilda yana isroilliklar bilan to‘qnashuv bo‘ldi
Olam
−
10 aprel 2023
6467Bugun, 10 aprel kuni G‘arbiy Sohildagi Nablus provinsiyasida Isroil kuchlari bilan to‘qnashuvda kamida 57 kishi jarohat oldi. Bu haqda Falastinning “WAFA” agentligi xabar berdi.
Falastin Qizil yarim oy jamiyatining Nablusdagi shoshilinch tibbiy yordam xizmati rahbari Ahmad Jibril Isroil harbiylarining Sabih tog‘idagi to‘qnashuvlarda ko‘zni yoshlantiruvchi gaz qo‘llagani sababli 56 kishida bo‘g‘ilish alomatlari kuzatilganini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, “Roya” telekanali operatori rezina o‘qdan yaralangan.
10 aprel kuni ertalab Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi G‘arbiy Sohildagi Arixa shahri janubidagi qochqinlar lagerida Isroil harbiylari tomonidan qilingan hujum oqibatida 15 yashar falastinlik bola halok bo‘lganini e’lon qilgan.
Manbaga ko‘ra, Isroil qo‘shinlari ertalab qochqinlar lageriga kirib, terrorchilikka aloqadorlikda gumon qilingan falastinliklarni qo‘lga olish amaliyotini boshlagan. Ular o‘zlarining faoliyatini Isroil shaharlarida sodir etilgan qator teraktlarga javoban G‘arbiy Sohilda aksilterror operatsiyalar va reydlar o‘tkazish, deb tariflagan.
Eslatib o‘tamiz, 5 aprel kuni Isroil xavfsizlik kuchlari Al-Aqso masjidiga bostirib kirib, u yerdagi falastinliklarga shovqinli granatalar, zaharli gaz, rezina o‘qlar va boshqa vositalar yordamida hujum qilgandi. 6 aprel kuni esa Livan hududidan Isroilga qarshi raketa zarbalari berildi. Bunga javoban Isroil HAMAS harakatining G‘azo sektoridagi o‘quv bazasi va harbiy postlariga hujum qildi. Shundan so‘ng, Livan hududiga ham hujum uyushtirildi.