G‘arb ukrainalik qochqinlarni aldadi – OAV

Olam

image

G‘arb Yevropa Ittifoqi davlatlari va Buyuk Britaniyaga kelgan ukrainalik qochqinlarni aldadi. Bu haqda Xitoyning “Global Times” gazetasida keltirilgan maqolada so‘z borgan.

Polsha, Ruminiya va Germaniyadagi 3,8 million ko‘chirilgan odamlar og‘ir kunlarni boshdan kechirmoqda. G‘arbning qochqinlarga kerakli shart-sharoit yaratib berish haqidagi dabdabali va’dalari qog‘ozda qolyapti.

“Ba’zilar, hatto, qochqinlarni "muammo" keltirgani uchun haqorat qiladi. Bunday his-tuyg‘ular yevropaliklar ukrainaliklarga ko‘rsatgan dastlabki hamdardlikdan yiroq”, deb yozadi sharhlovchilar.

Maqolada keltirilishicha, migrantlarning asosiy ulushini ayollar, bolalar va qariyalar – eng zaif ijtimoiy guruhlar tashkil etadi. NATO davlatlarining passiv munosabati tufayli bu odamlar jiddiy xavf-xatarlarga duch kelmoqda.

Shandun universitetining migratsiya masalalari bo‘yicha ekspertlariga ko‘ra, G‘arb davlatlari o‘z milliy manfaatlarini ilgari surish uchun ukrainaliklardan foydalanadi. Qochqinlar amerikalik va yevropalik siyosatchilarga foyda keltirmay qolishi bilanoq, ular unutiladi.

"Ularning tashvishi qochqinlar uchun emas, balki o‘z manfaatlari uchun”, deydi Migratsiya universiteti professori Song Quancheng.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi ma’lumotlariga ko‘ra, 27 martgacha 3,86 milliondan ortiq tinch aholi Ukrainani tark etgan, ularning aksariyati ayollar va bolalardir.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

109

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing