G‘arb Ukrainadan “o‘lja” sifatida foydalanmoqda – Xitoy TIV o‘rinbosari

Olam

image

G‘arb davlatlari Rossiyani zaiflashtirish va o‘z gegemonligini saqlab qolish uchun Ukrainadan “to‘p” sifatida foydalanmoqchi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Le Yuychen Xitoy xalq universiteti va Chun’yan instituti tomonidan tashkil etilgan 20 mamlakatdan kelgan global tahlil markazlarining onlayn muloqotida ta’kidladi.

“Xitoy bu inqirozda hech qanday geosiyosiy maqsadga ega emas. Ba’zi yirik davlatlar bu muammoni hal qilishda yoki tinchlik muzokaralarini osonlashtirishda hech qanday yordam bermadi. Ular bu inqirozdan Rossiyani zaiflashtirish va unga qarshi kurashish uchun foydalanishga harakat qilmoqda”, deydi u. 

Xitoy Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosariga ko‘ra, G‘arb davlatlari tinchlik muzokaralari yoki o‘t ochishni to‘xtatish, Ukraina xalqining hayoti va xavfsizligi haqida qayg‘urmaydi. 

“Ular tinchlik muzokaralari, Ukraina xalqining hayoti va xavfsizligi haqida emas, balki Ukrainadan Rossiyani kuchsizlantirish uchun o‘lja sifatida foydalanish, ukrainaliklarning hayotidan o‘zlarining buyuk davlat ambitsiyalarini qondirish va geostrategik maqsadlariga erishish uchun foydalanish haqida qayg‘urmoqda”, deya xulosa qildi diplomat.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

36

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing