Gaitining sobiq senatori mamlakat Prezidentini o‘ldirishda gumon qilinmoqda
Olam
−
14 iyul 2021
5325Gaiti politsiyasi mamlakatning sobiq senatori Jon Joel Jozefni qidirishni boshladi. U mamlakat Prezidenti Jovenel Moizning o‘ldirilishiga aloqadorlikda gumon qilingan. Bu haqda tergovchilarning Facebook’dagi sahifasida xabar berilgan.
Ta’kidlanishicha, sobiq senatordan tashqari, Prezidentning o‘ldirilishi bo‘yicha tergov doirasida yana ikki kishi qidirilmoqda. Gap yurist Jozef Feliks Badio va tadbirkor Rodolf Jaare haqida ketmoqda.
“Jozef Feliks Badio, Jon Joel Jozef, Rodolf Jaare qidirilmoqda. Muhim: qurolli va xavfli”, deyilgan Gaiti politsiyasi bayonotida.
Qayd etilishicha, ularning uchalasi ham qotillik, qotillikka urinish va qurolli talonchilikda gumon qilinmoqda.
Avvalroq, Jovenel Moizga suiqasd qilishda ayblanayotgan bir nechta gumonlanuvchilar avval AQSH huquqni muhofaza qilish idoralari ma’lumotchilari bo‘lgani haqida xabar bergandik.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 7 iyuliga o‘tar tunda Gaiti Prezidenti Jovenel Moiz mamlakat poytaxti Port-o-Prenseda joylashgan Pelerin qarorgohida o‘ldirib ketildi. Hujum paytida mamlakatning birinchi xonimi Martin Moiz ham yaralandi.
Shundan so‘ng, Prezidentini o‘ldirishda gumon qilinganlar qo‘lga olindi.
Hozirda Gaiti Senati (parlamentning yuqori palatasi) o‘z spikeri Jozef Lamberni Respublikaning muvaqqat Prezidenti deb e’lon qilgan.
LiveBarchasi