Gaitidagi tiqilinchda o‘nlab odamlar halok bo‘ldi (video)
Olam
−
12 aprel 2481 1 daqiqa
Kecha, 11 aprel kuni Gaiti shimolida yuz bergan tiqilinch oqibatida kamida 30 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy Fuqarolik muhofazasi departamentiga tayanib, “La Nouvelliste” xabar berdi.
Departament direktori Jan Anri Peti qurbonlar soni yana ortishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan. Bundan tashqari, bir necha o‘nlab odamlar jarohatlangan va ular mintaqadagi shifoxonalarga yotqizilgan.
Tiqilinch Laferer sitadelida – Gaiti Fransiyadan mustaqillikka erishganidan ko‘p o‘tmay, XIX asr boshida qurilgan qal’ada sodir bo‘lgan. Gaitining asosiy diqqatga sazovor joylaridan biri bo‘lgan ushbu obida mamlakat markalari va pul kupyuralarida ham tasvirlangan.
Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, fojiaga tashkiliy xatoliklar sabab bo‘lgan: tashrif buyuruvchilar oqimini tartibga solish uchun faqat bitta kirish eshigidan foydalanilgan, bu esa odamlarning tez to‘planib qolishiga olib kelgan. 11 aprel tongida qal’a ziyoratchilar bilan to‘lib ketgan. Ular UNESCO Butunjahon merosi ob’ekti sharafiga o‘tkaziladigan har yillik bayram tadbirida ishtirok etish uchun borgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonda har yili o‘tkaziladigan ko‘p minglik kortej paytida yuz bergan tiqilinch oqibatida kamida 6 kishi halok bo‘lgandi va 50 dan ortiq kishi jarohat olgan edi.
Live
BarchasiO‘zbekistonda zilzila sodir bo‘ldi
12 aprel