Hindistondagi ibodatxonada tiqilinch yuz berib, 7 kishi halok bo‘ldi (video)

Olam

image

Hindiston sharqidagi Bixar shtatida joylashgan ibodatxonada tiqilinch yuz berishi oqibatida kamida 7 kishi halok bo‘ldi, 19 nafarga yaqin odam jarohat oldi. Bu haqda DW xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, hodisa Lakxisaray tumanidagi Ashok Dham ibodatxonasida sodir bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, hindular muqaddas Shravan oyining 17 avgust kuni Shiva xudosiga suv olib kelish uchun ibodatxonaga tashrif buyurgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hududdagi elektr ustunlaridan biri qulagan. Bu esa odamlar orasida vahima yuzaga kelib, tiqilinchga sabab bo‘lgan. Lakxisaray tumani rahbari Shailendra Kumarning ma’lum qilishicha, odamlar oqimi kuchayishi ortidan to‘siqlardan biri qulagan va tashrif buyuruvchilar bir-birining ustiga yiqilgan.

Hozirda hodisaning aniq sabablari o‘rganilmoqda. Rasmiylar tiqilinch qanday yuzaga kelganini aniqlash uchun tekshiruv boshlagan. Hodisa ortidan Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirib, jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayishini tilagan. Mahalliy hukumat esa jabrlanganlarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilishini ma’lum qilgan.

Ta’kidlanishicha, Hindistonda diniy bayramlar va ommaviy ziyoratlar vaqtida tiqilinchlar tez-tez uchrab turadi. Joriy yil mart oyida ham Bixar shtatining Nalanda tumanidagi boshqa bir ibodatxonada yuz bergan tiqilinch oqibatida 9 kishi, asosan ayollar, halok bo‘lgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonning Kerala shtatida ibodatxona bayrami vaqtida fil zanjirdan chiqib ketib, tartibsizlik uyushtirgandi va bir erkakni bosib o‘ldirgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing