Gaitida vaziyat jiddiy. Jinoiy to‘dalar politsiya akademiyasiga hujum qildi
Olam
−
06 mart
3938Kecha, 5 mart kuni Gaiti Bosh vaziri Ariel Anriga qarshi urush e’lon qilgan jinoiy to‘dalar mamlakat politsiya akademiyasi va asosiy aeroportiga hujum qildi. Anrining chet el safaridan qaytayotgan samolyoti qo‘shni Puerto-Riko oroliga qo‘ndi. Bu haqda BBC xabar berdi.
9 ta jinoiy guruh konglomerati rahbari, “Barbekyu” laqabli sobiq politsiyachi Jimmi Sherize agar Bosh vazir hokimiyatdan ketmasa, mamlakatda urush boshlanishini aytdi.
5 mart kuni erta tongda to‘dalar Gaiti poytaxti Port-o-Prensdagi 800 dan ortiq kursant tahsil olayotgan politsiya akademiyasiga hujum qildi. Politsiya hujum qaytarilganini e’lon qildi.
Shuningdek, mamlakatning asosiy aeroporti – Port-o-Prensdagi Tussen Luvertura xalqaro aeroporti yaqinida ham o‘q ovozlari eshitildi. 250 kubalik aeroportdan uchib ketishga urindi, biroq bunga erisha olmadi.
"Biz samolyotga chiqmoqchi edik, lekin samolyotda o‘qdan qolgan teshik topildi", deydi yo‘lovchilardan biri WhatsApp orqali AFP’ga.
Gaiti Bosh vaziri Ariel Anri o‘tgan hafta avval Gayanadagi mintaqaviy forumga, so‘ngra Keniyaga uchib, Gaitiga xalqaro politsiya-harbiy kontingentni jo‘natish to‘g‘risidagi bitimni imzolashga urindi.
Mamlakatda vaziyat keskinlashgandan so‘ng, bir necha kun davomida Ariel Anrining qayerda ekani haqida hech narsa ma’lum emas edi, biroq kecha Amerika Qo‘shma Shtatlarining maxsus huquqlarga ega bo‘lgan Puerto-Riko oroli rasmiylari Anrining samolyoti u yerga qo‘nganini tasdiqladi.
Bungacha Nyu-Jersidan uchayotgan Bosh vazirga Dominikan Respublikasi qo‘nishga ruxsat bermagan. Bu mamlakat Gaiti joylashgan Hispaniola orolining katta qismini egallaydi.
Eslatib o‘tamiz, Bosh vazir yo‘qligida “Barbekyu” unga qarshi urush e’lon qilgandi. 2 mart kuni to‘dalar Port-o-Prensdagi bir necha politsiya bo‘limlari hamda ikkita qamoqxonaga hujum qildi, ulardan bir necha ming mahbus ozod qilindi. Shundan so‘ng hukumat favqulodda holat va komendantlik soati e’lon qildi.
LiveBarchasi